Markaziy harbiy okrug qoʻmondoni Jizzax garnizonida ochiq muloqot oʻtkazdi

0
4043

Jizzax garnizonidagi Maʼnaviyat va maʼrifat markazida Markaziy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni polkovnik Oybek Saidov tomonidan harbiy xizmatchilar va ular oila aʼzolarining ijtimoiy himoyasini taʼminlashga qaratilgan ochiq muloqot tarzida sayyor qabul oʻtkazildi.

Unda garnizon hududida joylashgan harbiy qism harbiy xizmatchilari va ularning oila aʼzolari, nafaqaga chiqqan harbiy pensionerlarning murojaatlari koʻrib chiqildi.

Sayyor qabul davomida uy-joy, tibbiy xizmat koʻrsatish, xizmat joyini boshqa qismga koʻchirish, harbiy xizmatchilarning turmush oʻrtoqlarini bandligini taʼminlash va farzandlarini maktabgacha taʼlim muassasasiga joylashtirishdagi duch kelinayotgan muammolar okrug boshqaruv apparati, harbiy prokuratura, shahar bandlikka koʻmaklashish, xalq taʼlimi, sogʻliq saqlash boshqarmalari hamda boshqa hamkor tashkilotlar vakillari ishtirokida atroflicha koʻrib chiqildi.

Okrug qoʻshinlari qoʻmondoni har bir murojaat boʻyicha oʻz vaqtida va zudlik bilan choralar koʻrilishi borasida masʼul shaxslarga tegishli koʻrsatmalar berdi. Shuningdek, harbiy xizmatchilarning xizmat joylarini koʻchirishi natijasida turmush oʻrtoqlarining bandligi hamda farzandlarini maktabgacha taʼlim muassasasiga joylanishida yuzaga kelayotgan muammolar yuzasidan tegishli tashkilot va muassasalar rahbarlari bilan hamkorlikni kengaytirish masalalari kelishib olindi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati