“Nukus” poligonida oʻquv-uslubiy yigʻin oʻtkazildi

0
3859

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug boshqaruv apparati, harbiy qism komandirlari hamda muassasa boshliqlari va ularning oʻrinbosarlari, shuningdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyati hamkorlikdagi kuch tuzilmalari, mudofaa ishlari boshqarma va boʻlimlari mansabdor shaxslari ishtirokida “Nukus” umumqoʻshin poligoni bazasida oʻquv-jangovar vazifalarni rejalashtirish va olib borish, qoʻshinlar boshqaruvini tashkil etish boʻyicha oʻquv-uslubiy yigʻin oʻtkazildi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni rahbarligida oʻtkazilgan yigʻinda soʻnggi yillarda turli davlatlarda olib borilayotgan qurolli toʻqnashuvlar chuqur tahlil etilib, zamonaviy tajribalarni qoʻshinlar jangovar shayligini mustahkamlashda amaliyotga qoʻllash boʻyicha taklif va tavsiyalar berildi.

Yigʻin doirasida harbiy okrug boshqaruv apparati hamda kuch tuzilmalari mansabdor shaxslarining ham soha yoʻnalishlari boʻyicha maʼruzalari tinglandi.

Harbiy operatsiyalarda artilleriya, havo hujumidan mudofaa, radiatsion, kimyoviy va biologik muhofaza, razvedka, texnik tayyorgarliklar, front orti hamda axloqiy-ruhiy taʼminotni tashkillashtirishning oʻziga xos xususiyatlari chuqur tahlil etildi.

Shuningdek, yigʻin ishtirokchilariga kuch tuzilmalari vakillari tomonidan Davlat chegarasini qoʻriqlash va himoya qilishda chegara operatsiyasini rejalashtirish va oʻtkazish, shaharlar va aholi yashash punktlari xavfsizligini taʼminlashda ichki ishlar qoʻshinlarining hamda jamoat tartibini saqlashda Milliy gvardiya qoʻshinlarining vazifalari, favquloddagi vaziyatlarda xabardor etish tizimi va favqulodda vaziyatlar oqibatlarini bartaraf etishda kuch tuzilmalarining hamkorligini tashkillashtirish tartiblari tushuntirib berildi.

Yigʻin doirasida soha mutaxassislari tomonidan qoʻshinlar boshqaruvini tashkil etishda Qurolli Kuchlarimizda mavjud boʻlgan aloqa vositalari va ularni qoʻllash tartibi, muhandislik texnikasi yordamida hududda piyodalarga va tankka qarshi minalarni oʻrnatish, jang vaqtida yarador boʻlgan harbiy xizmatchi oʻziga hamda jabrlangan safdoshiga birinchi tibbiy yordam koʻrsatishi, yaradorlarni jang maydonidan olib chiqish boʻyicha soha mutaxassislari tomonidan turli usul va uslublarda koʻrgazmali ravishda namoyish etildi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati