“Ochiq eshiklar kuni”: ko‘tarinki kayfiyat, unutilmas taassurot va yangi a’zolar

0
5642

Respublika miqyosida O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti tizimidagi tashkilot va muassasalarda fuqarolar, ayniqsa, yoshlar ongida tashkilot faoliyati va uning imkoniyatlari to‘g‘risida tasavvurni shakllantirish maqsadida, “Vatanparvar” – mening tanlovim!” shiori ostida “Ochiq eshiklar kuni” tadbirlari boshlandi.

Tashkilotning Buxoro viloyati kengashi tasarrufidagi Buxoro shahar 2-sonli O‘quv sport texnika klubida tashkilot faxriylari, xodimlari va sportchilari hamda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘quvchilari va o‘qituvchilari, “Vatanparvar” tashkiloti o‘quv muassasalarida tahsil olayotgan tinglovchilar, muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan yoshlar ishtirokidagi ushbu tadbir, dastavval, davlat madhiyasi sadosi bilan boshlandi.

“Vatanparvar” tashkiloti viloyat kengashi raisi Rustam Bayozov tadbirni ochiq deya e’lon qildi va yig‘ilganlarga ushbu tashkilot tomonidan aholi, ayniqsa, yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ular orasida sportning texnik va amaliy turlarini ommalashtirish, texnik kasb mutaxassislarini tayyorlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, ushbu yo‘nalishlarda yo‘lga qo‘yilayotgan yangicha tizimlar va erishilayotgan yutuqlar to‘g‘risida ma’lumotlar berdi.

So‘ngra Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugga qarashli harbiy qism va “Vatanparvar” tashkiloti Buxoro viloyati kengashi o‘rtasida imzolangan hamkorlik Memorandumiga muvofiq, Tashkilot bazasidagi avtomototransport haydovchilarini tayyorlash o‘quv kursida “BC” toifada tahsil olayotgan 50 nafar askarlarga “Vatanparvar” tashkiloti a’zoligi guvohnomalari tantanali ravishda topshirildi.

Yoshlar festivaliga aylanib ketgan ushbu tadbir davomida tashrif buyuruvchilarda, ayniqsa, yoshlarda o‘quv binolari, avtodrom, avtomototransport haydovchilarini tayyorlash kurslarining zamonaviy sinfxonalari, trenajerlar, kutubxona, o‘quv avtomobillari va sport seksiyalari ko‘rgazmalari katta taassurot qoldirdi.

Tadbirda “Barkamol avlod” bolalar markazi huzuridagi “Feruza” raqs ansambli va harbiy orkestr tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar mehmonlarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.

 

“Vatanparvar” tashkilotining sport motosikllari, avtomobillari va velosipedlari, karting, baggi hamda modelizm sportining ko‘rgazmali namoyishlari tadbirning yanada jozibali o‘tishiga xizmat qildi.

Tadbirning samarasi va mazmuni shunda bo‘ldiki, yakunda “Vatanparvar” tashkiloti faoliyati va uning imkoniyatlari bilan yaqindan tanishgan yoshlarning aksariyati Tashkilot a’zosi bo‘lish istagini bildirdilar.

O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi
“Vatanparvar” tashkiloti matbuot xizmati