Milliy ruh va gʻurur – yengilmas kuchdir!

0
7021

19-20-may kunlari Chirchiq poligonida Mudofaa vazirligi qoʻshinlarida axloqiy-ruhiy tayyorgarlikni tashkillashtirish tartibi boʻyicha tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar hamda jangovar tayyorgarlik organlari ofitserlari, Qurolli Kuchlar akademiyasida shu yoʻnalishda taʼlim olayotgan kursantlar ishtirokida oʻquv-uslubiy yigʻin boʻlib oʻtdi.

Barcha harbiy okruglar va markazga boʻsinuvchi harbiy qismlarda faoliyat olib borayotgan soha mutaxassislari ikki kun davomida nazariy hamda amaliy oʻquv mashgʻulotlarida ishtirok etishdi. Unda mutaxassislar tomonidan mavzuga oid videoroliklar, fotoslaydlardan foydalangan holda oʻquv-uslubiy yigʻin qatnashchilariga “Axloqiy-ruhiy tayyorgarlikning dozarbligi”, “Harbiy xizmatlarchilarda jangovar ruhiy zoʻriqishlarni keltirib chiqaruvchi omillar va ularni aniqlash metodikasi”, “Shaxsiy tarkibni jangovar ruhlantirishning milliy koʻrinishlari” kabi dolzarb mavzularda oʻquv-uslubiy yigʻinining maqsadi va mazmun-mohiyati ochib berildi.

Mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar boʻyicha oʻrinbosari polkovnik Hamdam Qarshiyev qoʻshinlarda axloqiy-ruhiy tayyorgarlikni shakllantirishning xorijiy tajribalari haqida misollar keltirar ekan, oddiy askardan generallargacha oʻzaro shaxsiy hurmat alohida ahamiyat kasb etishini taʼkidlab oʻtdi. Shaxsiy tarkibni jangga ruhlantira olish, hurmat qozona olgan komandirlargagina xos ekangigiga va bu omil jangovar topshiriqlarning muvaffaqiyatli yakunlanishini taʼminlovchi muhim jihatligiga toʻxtalib oʻtdi.

Yigʻin ishtirokchilari tashkil etilgan amaliy oʻquv dasturida desantchilar boʻlinmasi harbiy xizmatchilari ishtirokida tashkillashtirilgan jangovar topshiriqlarni bajarish mashqlarini kuzatishdi. Desantchilarning jangovar otish, shartli qurollangan toʻdani yoʻq qilish, kolonnada harakatlanish jarayonlaridagi axloqiy-ruhiy tayyorgarlik boʻyicha real holatdagi harakatlari baholanib borildi.

Oʻquv-uslubiy yigʻin yakunida qoʻshinlarda faoliyat yuritayotgan soha mutaxassislari zarur yoʻriqnomalar bilan taʼminlanib, Qurolli Kuchlar Markaziy ashula va raqs ansambli xushovoz xonandalari ishtirokida tashkil etilgan madaniy dastur namoyish etildi.

Asror ROʻZIBOYEV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti