Autsorsing xizmati faoliyati tahlil qilindi

0
7709

Bugun butun dunyoda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, aholiga sifatli mahsulotlar yetkazib berish masalasi dolzarb vazifalardan biriga aylangan. Shundan kelib chiqqan holda sohaga ilgʻor tajribalar kirib kelmoqda. Xususan, milliy armiyamizda ham shaxsiy tarkibning ovqatlanishini sifatli tashkil etish uchun autsorsing xizmatlarini koʻrsatish tartibi joriy etilgan.

Bugun, 21-may kuni Toshkent viloyatida joylashgan harbiy qismlarning birida Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori, mudofaa vazirining buyruq va talablarini joylardagi autsorsing tashkilotlariga yetkazish, tashkilotlarning oʻtgan davr mobaynidagi faoliyatini tahlil qilish boʻyicha oʻquv-uslubiy yigʻin oʻtkazildi.

Unda harbiy okruglar qoʻshinlari qoʻmondonlarining moddiy taʼminot boʻyicha oʻrinbosarlari, harbiy qism komandiri va muassasa boshliqlarining moddiy taʼminot boʻyicha oʻrinbosarlari, oziq-ovqat taʼminoti xizmati boshliqlari, harbiy qism hamda muasasalarda faoliyat yuritayotgan autsorsing tashkilotlari rahbarlari ishtirok etdi.

Yigʻinda mudofaa vazirining oʻrinbosarlari polkovnik Hamdam Karshiyev va polkovnik Zairjon Bazarboyev soha yoʻnalishida joylarda kuzatilayotgan holatlar va muhim masalalarga toʻxtalib, autsorsing tizimi imkoniyatlaridan kengroq foydalanish, samaradorlikka erishish, pirovardida esa harbiy xizmatchilarni yanada sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash boʻyicha tegishli koʻrsatmalar berishdi.

Oʻquv-uslubiy yigʻin davomida ishtirokchilar bilan autsorsing xizmati boʻyicha koʻrgazmali mashgʻulotlar oʻtkazildi.

Leytenant Islomjon QOʻCHQOROV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti