Harbiy okrug sportchilari “Nukus” temir yoʻl vokzalida tantana bilan kutib olindi

0
6095

“Nukus” temir yoʻl vokzalida armiya qoʻl jangi boʻyicha oʻtkazilgan Mudofaa vazirligi qoʻshinlari muddatli harbiy xizmatchilar va sport vzvodlari oʻrtasidagi chempionatda mutlaq gʻoliblikka erishgan harbiy sportchilar Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonligi tomonidan harbiy orkestr kuy va sadolari ostida tantana bilan kutib olindi.

Avval xabar berganimizdek, sharq yakkakurashlari va jangovar sanʼatning armiya qoʻl jangi turini rivojlantirish, muddatli harbiy xizmatga kelgan askarlar oʻrtasida eng sara oʻgʻlonlarni saralab olish hamda Qurolli Kuchlarimiz saflarini ana shunday jismonan barkamol, jasur oʻgʻlonlar bilan butlash, harbiy xizmatchilar oʻrtasida ushbu sport turini ommalashtirish maqsadida Toshkent viloyati Zangiota tumanida joylashgan harbiy qismda Mudofaa vazirligi qoʻshinlari muddatli harbiy xizmatchilar va sport vzvodlari oʻrtasida armiya qoʻl jangi chempionati tashkil etilgan edi.

Ushbu musobaqaning yakuniy natijalariga koʻra Shimoliy-gʻarbiy harbiy okrug sharafini himoya qilgan askarlar 3 ta oltin hamda ikkitadan kumush va bronza medallarini qoʻlga kiritib, umumjamoa hisobida chempionatning mutlaq gʻolibiga aylandi.

Harbiy sportchilarni kutib olishga bagʻishlangan tantanali tadbirda soʻz olganlar harbiy okrug sharafini munosib himoya qilgan muddatli harbiy xizmatchilarga kelgusida ham sport musobaqalarida ulkan muvaffaqiyatlar tilashdi. Faxrli oʻrinlarni qoʻlga kiritgan askarlarning ota-onalariga tantanali ravishda harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonligining tashakkurnomasi topshirildi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati