Senat qoʻmitasi Mudofaa vazirligida gender tengligi borasida amalga oshirilayotgan ishlarni oʻrgandi

0
4761

Oliy Majlis Senatining 2021-yil 22-apreldagi “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati qoʻmitalari tomonidan oʻtkaziladigan koʻrik-tanlovlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi tomonidan mamlakatimizda “Gender tenglik faoli” milliy tanlovini tashkil etish va oʻtkazish belgilangan edi.

Tanlovda gender tenglikni taʼminlash sohasida yuqori natijalarga erishgan, ushbu yoʻnalishda jamiyat rivoji yoʻlida tashabbus koʻrsatayotgan, xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish, oʻz sohasiga tegishli yoʻnalishlarda dolzarb vazifalarni amalga oshirayotgan vazirlik va idoralar, nodavlat-notijorat tashkilotlar, hokimliklar, tadbirkorlik subyektlari bilan bir qatorda Mudofaa vazirligi ikkinchi yil ham munosib ishtirok etmoqda.

2021-yil Mudofaa vazirligi “Gender tenglik faoli” milliy tanlovining respublika bosqichida “Gender tenglikni taʼminlashda eng faol davlat organi” nominatsiyasida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan edi.

19-may kuni tanlov nizomiga muvofiq qoʻmita raisi Malika Qodirxonova rahbarligidagi komissiya aʼzolari tomonidan Mudofaa vazirligida gender tenglik boʻyicha qabul qilingan meʼyoriy hujjatlar, vazirlikda faoliyat olib borayotgan xotin-qizlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, oʻtkazilgan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar, harbiy oilalarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, bandligini taʼminlash borasida olib borilgan ishlar manzilli oʻrganildi.

Oʻrganish natijalariga koʻra komissiya tomonidan milliy tanlovning nizomida belgilangan barcha talablar Mudofaa vazirligida toʻlaqonli tashkil etilganligi eʼtirof etildi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti