Toshkent viloyatida “Qo‘mondon va yoshlar” uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

0
5462

Davlat dasturi ijrosini ta’minlash hamda yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsadida Toshkent harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni polkovnik Zokirjon Sayfuddinov  Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumani o‘quvchi yoshlari bilan uchrashdi.

Ochiq muloqot tarzida o‘tgan uchrashuvda tumandagi uyushmagan yoshlar hamda 9-umumta’lim maktabi bitiruvchilari ishtirok etdi.

Dastavval harbiy okrug qo‘mondoni va okrug ofitserlari tomonidan Qurolli Kuchlarimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, harbiy xizmatchilarni ijtimoiy himoyalash masalalari, muddatli harbiy xizmatni o‘tash tartibi, oliy harbiy ta’lim muassasalarida yaratilgan sharoitlar va tayyorlanadigan mutaxassislik kasb yo‘nalishlari, shuningdek, harbiy xizmat mobaynida yurt himoyachilari erishayotgan yutuqlar haqida yoshlarga batafsil ma’lumotlar berildi.

Shundan so‘ng qo‘mondon yoshlar bilan ochiq muloqotga kirishib, ularni qiziqtirgan savollarga atroflicha javoblar qaytardi. Jumladan, kelgusida harbiy xizmatchi bo‘lish niyatida bo‘lgan o‘quvchilarga o‘z tavsiyalarini berdi. Sport musobaqalarida O‘zbekiston chempioni bo‘lgan o‘g‘il-qizlarni hamda muddatli harbiy xizmatni o‘tab qaytgan vaqtincha ishsiz yoshlarni milliy armiyamiz saflariga qabul qilish masalalariga ham alohida to‘xtalib o‘tdi.

Tadbir yakunida harbiy okrug qo‘mondonligi tomonidan yoshlarga musiqa va sport anjomlari, badiiy adabiyotlar to‘plami hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.

Rasmiy uchrashuvdan so‘ng yoshlar uchun harbiy-vatanparvarlik festivali tashkil qilindi. Unda harbiy texnika va zamonaviy qurol-aslahalar ko‘rgazmasi, qo‘l jangi bo‘yicha amaliy chiqishlar hamda harbiy orkestr ijrosida konsert dasturi namoyish etildi.

Toshkent harbiy okrug matbuot xizmati