Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug qo‘shinlarida harbiy badiiy jamoaning gastrol safari bo‘lib o‘tmoqda

0
5942

Shu kunlarda Qurolli Kuchlar Markaziy ashula va raqs ansambli jamoasining Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug qo‘shinlari bo‘ylab gastrol safari bo‘lib o‘tmoqda. Gastrol davomida ijodiy jamoa Nuriston qo‘rg‘onida joylashgan harbiy qism harbiy xizmatchilari uchun konsert dasturini taqdim etdi.

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Marat Hakimov, «Shuhrat» medali sohiblari Zafar Bobojonov va Umid Shahobov singari el suygan san’atkorlar tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar yig‘ilganlarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi. Ayniqsa, jangovar ruhni ko‘tarishga, harbiy o‘g‘lonlarga bag‘ishlangan kuy va qo‘shiqlar barchaga birdek manzur bo‘lgani shubhasiz.

Shuningdek, yuqori saviyada olib borilayotgan madaniy tadbir kun yakunida «Nuriston» poligoniga ko‘chdi. Dala o‘quv maydonidagi yozgi madaniyat saroyiga tashrif buyurgan Vatan himoyachilari ko‘zida bu yerda ham ko‘tarinki kayfiyat va shijoatni ko‘rish mumkin. Harbiy xizmat kunining har bir daqiqasini jangovar shaylik va tayyorgarlik bo‘yicha mashg‘ulotlar bilan o‘tkazayotgan yurt himoyachilari uchun tashkil etilgan konsert dasturi katta ma’naviy ozuqa bo‘ldi.

Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati