Muzeylar tarbiya maskani

4622

Poytaxtimizdagi “Gʻalaba bogʻi” yodgorlik majmuasi “Shon-sharaf” davlat muzeyida 18-may – Xalqaro muzeylar kuni munosabati bilan Mudofaa vazirligi, Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi Yangi Oʻzbekiston tarixini oʻrganish metodik markazi, Kamoliddin Behzod nomidagi Respublika rassomlik va dizayn instituti vakillari, muzeyshunos olimlar, Oʻzbekiston Qurolli Kuchlari davlat muzeyi hamda “Shon-sharaf” muzeyi xodimlari hamda harbiy xizmatchilar ishtirokida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir oʻtkazildi.

Tadbir avvalida mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar boʻyicha oʻrinbosari polkovnik Hamdam Qarshiyev soʻzga chiqib, soha xodimlarini kasb bayramlari bilan samimiy qutladi. Muzeylar yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularni ulugʻ ajdodlarga munosib vorislar etib voyaga yetkazishda muhim ahamiyatga, tarbiya maskaniga aylanganini eʼtirof etdi.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan qisqa vaqtda barpo etilgan “Shon-sharaf” muzeyi eksponatlari haqida soʻz yuritarkan, shu davrgacha urush davriga oid maʼlum boʻlmagan koʻplab maʼlumotlar, minglab hujjatlar ochiqlandi, bedarak yoʻqolgan yuzlab urush qatnashchisi boʻlgan yurtdoshlarimizning nomi tiklandi, dedi vazir oʻrinbosari.

Yodgorlik majmuasi va muzey barpo etilgan vaqtdan shu kungacha bu yerga 1 million 200 mingdan ortiq kishi tashrif buyurgani, vatandoshlarimiz bir yilda ota-bobolariga tegishli 14 mingdan ortiq eksponatlarni muzey uchun topshirgani va bu jarayon davom etayotgani, mutaxassislar tomonidan ilmiy izlanishlar olib borilayogani eʼtirof etildi.

Tantanali tadbirda Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist, siyosiy sharhlovchi Qobilbek Karimbekov, “Qatagʻon qurbonlari xotirasi” davlat muzeyi direktorining oʻrinbosari Murodjon Zikrullayev va boshqalar tabrik bilan soʻzga chiqdilar.

 

Tadbir davomida “Shon sharaf” davlat muzeyi kitob-albomi hamda “Markaziy Osiyo xalqlari tarixi va xotirasida Ikkinchi jahon urushi” kitobining taqdimoti ham oʻtkazildi. “Shon-sharaf” davlat muzeyi Ikkinchi jahon urushi davri tarixini oʻrganish boʻlimi boshligʻi I.Altinov mazkur kitoblar yaratilishi jarayonlari haqida soʻz yuritib, unda ishtirok etgan mualliflar jamoasiga oʻz minnatdorligini bildirdi.

Tadbir yakunida Oʻzbekiston Qurolli Kuchlari davlat muzeyi hamda “Shon-sharaf” muzeyi xodimlari faxriy yorliq, esdalik nishonlari va qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandilar.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti