18-may — Xalqaro muzeylar kuni

0
5461

Har qanday davlat taraqqiyot sari intilar ekan, doimo tarixga nazar tashlab, mavjud urf-odatlar, anʼanalar va qadimiy yodgorliklarni oʻrganish va saqlab qolishga intilishi tabiiy. Ayniqsa, bu borada muzeylarning oʻrni beqiyosdir. Chunki muzeylar oʻtmishdan kelgan tarixiy madaniyatning yaxlit tizimiga solingan yigʻindisi boʻlib, amaldagi qonun-qoidaga muvofiq ravishda saqlanadi va namoyish qilinadi.

Bugungi kunda mamlakatimizda turli yoʻnalishda 1200 dan ortiq davlat va nodavlat muzeylari faoliyat koʻrsatmoqda. Ushbu madaniyat maskanlari ajdodlarimizdan bizga meros boʻlgan boylikni kelajak avlodga yetkazib beradigan ilmiy, maʼnaviy-maʼrifiy xazina boʻlib kelmoqda. Muzeylar yillar davomida tarixdan meros qolgan ashyolar, insoniyat ijodi mahsuli sifatida yaratilgan sanʼat asarlari bilan boyitilib, muzeylardan joy olgan ekspozitsiyalar umuminsoniy boylikka aylantirilmoqda.

Bugun, 18-may — Xalqaro muzeylar kuni munosobati bilan Qurolli Kuchlar faxriylari, vazirlik huzuridagi Jamoatchilik kengashining mintaqaviy boʻlimi xodimlari ishtirokida Sharqiy harbiy okrug Fargʻona garnizonidagi harbiy qism harbiy xizmatchilari uchun Fargʻona viloyati oʻlkashunoslik muzeyi boʻylab ekskursiya tashkil etildi.

Fargʻona viloyat oʻlkashunoslik muzeyi respublikadagi keksa muzeylardan hisoblanadi. Muzeyning tarix, tabiat, ilmiy-maʼrifiy, sanʼat hamda xazina boʻlimlari bor. Muzey oʻlka tabiati hamda qadimdan XX asr boshlarigacha boʻlgan tarixni oʻzida aks ettirgan doimiy ekspozitsiya (arxeologik topilmalar, amaliy sanʼat namunalari, sanʼat asarlari)ga ega. Muzey fondida (10000 dan ziyod) arxeologik, 7895 ta numizmatik, 900 ta nodir kulolchilik amaliy sanʼati, 1200 ta miskarlik, 562 ta zargarlik, 1670 ta kiyim va kashtadoʻzlik buyumlari va mingdan ziyod tasviriy sanʼat asarlari mavjud.

Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati