Harbiy xizmatchilarning farzandlariga imtiyozli tavsiyanomalar topshirildi

0
9310

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi markaziy apparatida harbiy xizmatchilarning ijtimoiy himoyasini ta’minlash, oilalarda ma’naviy-ruhiy holatni mustahkamlash maqsadida ularning farzandlariga oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun imtiyozli tavsiyanomalarni topshirish marosimi o‘tkazildi.

Ta’kidlash lozimki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 14-maydagi “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiylari va ularning oila a’zolarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi  qarori talablariga muvofiq 2018/2019-o‘quv yilidan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tarkibiga kiruvchi vazirlik va idora xodimlarining farzandlari uchun Oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga o‘qishga kirish uchun besh foizli kvota hamda burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan yoki nogiron bo‘lib qolgan xodimlarning farzandlariga esa oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga tanlovsiz qabul qilinish to‘g‘risida tavsiyanomalar berilishi belgilangan. Birgina o‘tgan davr mobaynida 980 nafarga yaqin Mudofaa vazirligida xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilarning farzandlariga tavsiyanomalar berilgan.

O‘tkazilgan mazkur marosimda ham shunday imkoniyatga ega bo‘lgan 30 nafar yigit-qizlarga besh foizli kvota hamda bir nafariga davlat granti asosida Oliy ta’limning bakalavriat bosqichiga tanlovsiz o‘qishga kirish to‘g‘risidagi tavsiyanomalar tantanali ravishda topshirildi.

Ochig‘i ushbu tavsiyanomaga loyiq deb topilishim men uchun kutilmagan hol bo‘ldi, – deydi Azizbek Sabirov. – Albatta, harbiy xizmatchilarimizning farzandlari orasida bunday tavsiyanomalarga loyiqlari bisyor deb o‘ylayman.  Biz yoshlar yaratilayotgan bu kabi imkoniyatlardan mamlakatimiz Prezidentiga minnatdorchilik bildirib, berilgan imkoniyatlardan unumli foydalangan holda kelajakda o‘z sohamizning yetuk kadrlari bo‘lib yetishishga va’da beramiz.   

Shuningdek, respublika bo‘ylab joylarda ham harbiy xizmatchilarning farzandlariga kvota asosida oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun tavsiyanomalarni topshirishga bag‘ishlangan tadbirlar birin-ketin o‘tkazilmoqda.

Toshkent harbiy okrugi
Toshkent harbiy okrugi
Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug
Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug

Tadbirlarda okrug harbiy qo‘shinlari qo‘mondonlari va ularning o‘rinbosarlari, harbiy qism komandirlari, harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari bevosita ishtirok etmoqda.

Sherzod EGAMBERDIYEV,
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy
kommunikatsiyalar departamenti