“Namunali harbiy oila” ko‘rik-tanlovining yakuniy bosqichi o’tkazildi

0
6120

Oila baxtiga erishish – har bir insonning orzusi. Buning uchun esa xonadonda tinchlik-totuvlik, er-xotin o‘rtasida o‘zaro hurmat bo‘lsa kifoya. Ana shundagina oilalarda baxtiyorlik, shodlik hukm suradi, farzandlar barkamol bo‘lib voyaga yetadi. Mudofaa vazirligi tizimida har yili an’anaviy ravishda  o‘tkazib kelinayotgan “Namunali harbiy oila” ko‘rik-tanlovidan ko‘zlangan maqsad ham ana shunday ibratli harbiy  oilalarni yuzaga chiqarish,  ular o‘rtasida milliy urf-odatlar, qadriyatlar va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, bir so‘z bilan aytganda, har tomonlama o‘rnak olishga arzigulik harbiy oilalar safini kengaytirishdan iboratdir.

Ko‘rik-tanlov qamrovi yildan-yilga kengayib, yuzlab ibratli oilalarni yuzaga chiqarmoqda. Joriy yilda ham bellashuvlar qizg‘in kechdi. Murosasiz bahslar, qiziqarli chiqishlar – harbiy oila a’zolarining bilimi, ma’naviyati, iqtidori qanchalik yuksak ekanidan dalolat berdi.

Bellashuvning mazkur yakuniy  bosqichi Toshkent viloyatining purviqor tog‘lari bilan bo‘ylashgan harbiy qismlaridan birida bo‘lib o‘tdi.

Milliy an’ana va qadriyatlarimiz ruhi aks etgan bellashuvda ishtirok etgan har bir oila o‘z chiqishlari orqali boshqalarga namuna bo‘lgulik jihatlarini namoyish qilishdi. Oila ma’naviyati, madaniyatini eng go‘zal ko‘rinishlarda ifoda etib, uning inson hayotidagi o‘rni va ahamiyatini yuksak san’atkorlik mahorati ila ko‘rsatib berishdi.  Respublikamizning turli hududlaridan kelgan yettita ishtirokchi oila ilk shartdayoq tomoshabinlarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi. She’r, qo‘shiq aytish va sahna ko‘rinishida rol ijro etish bobida hatto professionallar bilan bellashadigan ota-onalar, farzandlarning qobiliyatiga, iste’dodiga tahsin aytasiz. Ha, harbiy oilalarda ana shunday iqtidorli ijodkorlar bor. Tanlovda bir-biridan qiziqarli va takrorlanmas chiqishlar, kuy-qo‘shiq va raqslar ijro etildi.

Tanlovni O‘zbekiston Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi, Kasaba uyushmalari federatsiyasi kabi nufuzli davlat tashkilotlari vakillaridan iborat hakamlar hay’ati baholab bordi.

Qiziqarli o‘tgan bellashuvlardan so‘ng nihoyat g‘oliblar aniqlandi. Unga ko‘ra, 1-o‘rinni kichik serjant Nodir Ergashev oilasi (Mudofaa vazirligi qo‘shinlar qo‘mondonligi) qo‘lga kiritdi. 2-o‘rin II-darajali serjant Olimjon Musayev oilasiga (MHO) nasib qilgan bo‘lsa, 3-o‘rinni mayor A’zam Berdiyev oilasi (ShG‘HO) egalladi. G‘oliblar Mudofaa vazirligi va hamkor tashkilotlar tomonidan diplom, pul mukofoti va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Shu kuni harbiy oilalar uchun haqiqiy bayram bo‘ldi. Ko‘rik-tanlovdan so‘ng Mudofaa vazirligiga qarashli “Tong” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohida harbiy oilalar o‘rtasida osh festivali o‘tkazildi. Eng ko‘p ovoz olgan oshpazlar qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi. Bayramning kechki tadbirlari gulxan atrofida davom etdi. Harbiy san’atkorlar ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar, raqslar kechaga o‘zgacha fayz bag‘ishladi.

Mayor Gulnora HOJIMURODOVA,
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy
kommunikatsiyalar departamenti