Soha mutaxassislarining malakasi oshirilmoqda

0
5179

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 12-iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari va huquqni muhofaza qiluvchi organlari tizimida davlat tilining qo‘llanishini kengaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoyishiga muvofiq vazirlik va idoralarning soha mutaxassislari oldiga davlat tilining qo‘llanishini kengaytirishga doir bir qancha vazifalar qo‘yilgan.

Jumladan, Mudofaa vazirligining soha mutaxassislariga Qurolli Kuchlar va huquqni muhofoza qiluvchi organlar tizimida qo‘llanilayotgan harbiy atamalarni xatlovdan o‘tkazish, ularni ma’no mohiyati, kelib chiqish tarixi va lingvistik asoslarini ilmiy nuqtayi nazardan o‘rganish, qadim va boy umumturkiy harbiy atamalar tizimining tarixiy shaklini o‘rganish, amalda qo‘llanilayotgan harbiy atamalarning davlat tilidagi ilmiy asoslangan muqobillarini ishlab chiqish hamda harbiy xizmatchilarning davlat tilidagi murojaat shakllarini ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish bo‘yicha takliflar tayyorlash va boshqalar.

Ana shu yo‘nalishdagi ishlarni tashkil qilish hamda zamonaviy harbiy atamalarning davlat tilidagi muqobillarini ishlab chiqish, ularni iste’molga kiritish va bir xil shaklda qo‘llanilishini ta’minlash maqsadida harbiy atamashunoslik yo‘nalishidagi yetuk olim va mutaxassislaridan iborat ishchi guruhi tomonidan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malakasini oshirish markazida bir guruh Mudofaa vazirligi mutaxassislarining malakasi oshirildi.

Kadrlarning malakasini oshirish bilan bir qatorda ularga harbiy atamalar etimologiyasi, ularning davlat tilidagi muqobillari bo‘lgan so‘z va atamalar bo‘yicha ilmiy qo‘llanma hamda yagona harbiy atamalar qomusini tayyorlash, jamoatchilik va kasbiy faoliyat jarayonida davlat tili imkoniyatlaridan to‘g‘ri foydalanish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi, deb ta’kidladi Markaz direktori Inomjon Azimov.

Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malakasini oshirish markazida tahsil olgan soha mutaxassislariga kurs so‘ngida yo‘nalish bo‘yicha sertifikatlar topshirildi.

Mayor Sherqo‘zi HAKIMOV,
Mudofaa vazirligi  Axborot-kommunikatsiya
texnologiyalari va aloqa harbiy instituti