Faxriylar “oliy liga”si tantanali ochildi

0
3474

Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Oʻzbekiston “Veteran” jangchi-faxriylar va nogironlar birlashmasi hamda Futbol federatsiyasi faxriylar kengashlari tomonidan 40 yoshdan oshgan professional va havaskorlar oʻrtasida “Oliy liga” faxriylar futbol musobaqasi tashkil etildi. Mudofaa vazirligi sport majmuasida ushbu musobaqaning tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

Tantanali ochilish marosimida Mudofaa vazirligi, Oʻzbekiston “Veteran” jangchi-faxriylar va nogironlar birlashmasi, Mudofaa vazirligi faxriylar Markaziy kengashi, Futbol federatsiyasi faxriylar kengashi masʼul shaxslari ishtirok etdi.

Soʻzga chiqqanlar bu yil oʻzining 110-yilligini nishonlayotgan oʻzbek futboli tarixida yana bir muhim kun – futbol boʻyicha “Oliy liga – 40+” nomini olgan Oʻzbekiston Respublikasi Faxriylar oliy ligasi tashkil topganini taʼkidlab, keyinchalik “Oliy liga – 50+” chempionati ham tashkil etilishiga urgʻu berildi.

Ushbu chempionatda barchamiz yaxshi bilgan Osiyoning eng yaxshi uyinchisi Server Jeparov, oʻzbek futbolida nom qozongan va biz sevgan futbolchilar Leonid Koshelev, Asror Aliqulov, Odil Isabayev, Anvar Gafurov, Pavel Salomin, Viktor Karpenko, Abdumajid Toirov, Baxtiyor Musabayev, Asqar Jadigirov va boshqa bir qator futbol yulduzlaridan iborat hamda Mudofaa vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati va boshqa soha vakillaridan tashkil topgan 12 ta jamoa ishtirok etadi. Musobaqa oʻyinlariga 7-may kuni start berilgan.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti