Toshkentda “Men g‘olib” shiori ostida o‘tkazilgan sport marafonida Mudofaa vazirligi jamoasi g‘alaba qozondi

0
8895

Erta tongdan poytaxtimizning Olmazor tumanida joylashgan “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasiga Mudofaa, Ichki ishlar, Favqulotda vaziyatlar vazirliklari, Davlat xavfsizlik xizmati, Davlat bojxona qo‘mitasi,  Prezident Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari va xodimlari,  Qurolli Kuchlar faxriylari hamda turli vazirliklar va tashkilotlardan kelgan mehmonlar va poytaxtimizning sportga befarq bo‘lmagan ko‘ngilli fuqarolari jamlanganligi bilan ahamiyatli bo‘ldi.

Bugun “G‘alaba bog‘i” hududida “Men g‘olib” shiori ostidagi sport marafoniga start berildi. Unda ishtirok etgan marafon qatnashchilari Qoraqamish 4-tor va Qoraqamish 2-tor, Kichik xalqa yo‘li, Sag‘bon, Oltinsoy, Dilsaroy ko‘chalari orqali yana “G‘alaba bog‘i”dagi finishga yetib kelishdi.

Mazkur marafon fuqarolar o‘rtasida sog‘lom turmish tarzini targ‘ib etish, o‘sib kelayotgan kelajak avlod vakillarini vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda ularni ertangi kunga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlash maqsadida tashkil etildi. “Men g‘olib” shiori ostidagi marafonda yurt posbonlari Vatanimiz bayrog‘ini baland ko‘tarib, belgilangan masofani qalblarida bir olam quvonchu ishtiyoq bilan bosib o‘tishdi. Bu esa poytaxtimiz ko‘chalariga bayramona kayfiyatni olib kirdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Marafonning yakuniy natijalariga ko‘ra harbiy xizmatchilar o‘rtasidagi marafonda 3- va 1- o‘ringa Mudofaa vazirligi sharafini himoya qilgan Markaziy harbiy okrugi harbiy xizmatchilari leytenant Nuriddin Rahmatov (1-o‘rin) va 3-darajali serjant Ilxom Nazarov (3-o‘rin) egallagan bo‘lsa, 2- o‘rin Davlat xavfsizlik xizmati vakiliga nasib etdi.

Jismoniy imkoniyat, kuch va iroda mustahkamligini chin ma’noda sinovdan o‘tkazish imkonini bergan mazkur marafonda oliy harbiy ta’lim muassasalari kursantlari orasidan ham g‘oliblar aniqlandi. Unga ko‘ra 3-o‘rin Ichki ishlar akademiyasi, 2-o‘rin O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti hamda 1-o‘rinni Qurolli Kuchlar akademiyasi sharafini himoya qilgan kursantlar qo‘lga kiritdi.

Umumjamoa hisobida 3-o‘ringa Prezident Davlat xavfsizlik xizmati jamoasi munosib deb topilgan bo‘lsa, 2-o‘rinni Davlat xavfsizlik xizmati vakillari egallashdi. Sport marafonining mutloq g‘olib sifatida Mudofaa vazirligi jamoasi e’tirof etildi.

Marafon so‘ngida g‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan medal va maxsus kubok hamda esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandilar.

Leytenant Shohrux SAIDOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti