Merganlarimiz jahon kubogi sovrindori

0
3810

Toshkent xalqaro aeroporti o‘tgan tun har doimgidan ham gavjum bo‘ldi. Dunyoning turli mamlakatlaridan kelayotgan sayyohlar va hamyurtlarimiz harbiy orkestr va gul ko‘targan, zarbof to‘n ushlagan kursantlarga havas bilan qarashardi. Qiziqqonlari tantananing boisini so‘rashardi.

Sababi Germaniyaning Zul shahrida o‘tkazilgan o‘q otish bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi jahon kubogida terma jamoamiz navbatdagi medallarni qo‘lga kiritib qaytdi. 10 metr masofaga to‘pponchadan otish dasturi Mudofaa vazirligi Sport markazi yigitlari uchun muvaffaqiyatli o‘tdi. Bellashuvda vakillarimiz a’zolari Muhammad Kamolov, Veniamin Nikitin, Umidbek Kamolbekov kumush medallarni qo‘lga kiritishdi.

– Ushbu sport turi bilan yoshligimdan shug‘ullanman. 2 marta O‘zbekiston chempioni, Osiyo chempionati oltin medal sohibi bo‘ldim. Bu 18-medalim. Musobaqalarga Mudofaa vazirligi sport markazi bazasida mutaxassislari bilan birgalikda shug‘ullanamiz. Vatanimiz bayrog‘ini jahon chempioni sifatida yuksaklarga hilpiratish niyatidaman, – deydi Umidbek Kamolbekov.

Kutib olish marosimida O‘zbekiston o‘q otish federatsiyasi raisining o‘rnibosari, mudofaa vazirining o‘rinbosari polkovnik Hamdam Karshiyev yoshlar o‘rtasidagi jahon kubogida qo‘lga kiritilgan ilk medallar bilan barcha yig‘ilganlarni samimiy qutladi hamda g‘oliblarga esdalik sovg‘alarini topshirdi.

Ta’kidlash lozimki, jamoamiz a’zolarini shu oyning oxirida Ozarbayjonda o‘tkaziladigan Jahon kubogining navbatdagi bosqichi kutib turibdi.  

Kapitan Aziz NORQULOV,
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy
kommunikatsiyalar departamenti