Harbiy xizmatchilarning oila a’zolari bilan ishlash bo‘yicha yetakchi mutaxassislarning malakasi oshirildi

0
5938

Mana, bir necha yildirki, Mudofaa vazirligi harbiy qism va muassasalarida faoliyat yuritayotgan xotin-qizlar va harbiy xizmatchilarning oila a’zolari bilan ishlash bo‘yicha yetakchi mutaxassislar malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv-uslubiy yig‘in o‘tkazish yo‘lga qo‘yilgan. Bu yil mazkur yig‘in O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi bilan hamkorlikda “Oila va xotin-qizlar” ilmiy-tadqiqot institutida tashkil etildi.

Ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etilganiga ko‘p vaqt bo‘lgani yo‘q. Mazkur ma’rifat dargohining ilk malaka oshiruvchilari Mudofaa vazirligi tizimida faoliyat ko‘rsatayotgan yetakchi mutaxassislar bo‘ldi.

Yig‘inning kun tartibi, uning ahamiyati, kutilayotgan natijalar haqida Mudofaa vazirligi xotin-qizlar va harbiy xizmatchilarning oila a’zolari bilan ishlash bo‘yicha bosh mutaxassisi Zulfiya Mansurova, oilaning jamiyat hayotidagi o‘rni hamda onaning tarbiyachilik maqomi, bugungi tadbirning ahamiyati haqida “Oila va xotin-qizlar” ilmiy-tadqiqot instituti direktori Nodira Egamberdiyeva va ilmiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Oynisa Musurmonova ma’lumot berdilar.

Dastlabki mashg‘ulotlardayoq yig‘in samaradorligini oshirish maqsadida ishtirokchilar guruhlarga bo‘lindi. Pedagogika fanlari nomzodi, dotsent H.Norqulov, psixologiya fanlari nomzodlari, dotsentlar H.Abdusamatov, R.Ismaylovaning ma’ruzalari katta qiziqish bilan tinglandi.

Shuningdek, psixologlar D.Mirhamidova, D.Ayubova tomonidan o‘tkazilgan “Oilada ijtimoiy muammolari mavjud ayollarga amaliy psixologik yordam ko‘rsatish” mavzusidagi psixologik treninglar, amaliy mashg‘ulotlar hech kimni loqayd qoldirmadi.

E’tibor berganmisiz, taqdirlash marosimlari juda o‘xshash bo‘ladi? Ammo bu sohada ana shu bir xillikni ko‘rmaysiz. Bugun rag‘batlantirilganlar orasida ko‘pdan shu sohada fidokorona mehnat qilib kelayotgan “Sodiq xizmatlari uchun” medali sohibasi Tamara Mamanova, Yulduz G‘afurova qatorida Toshkent harbiy okrugidan Odina Odilova nomi alohida tilga olindi. Qaysi xizmatlari uchun, degan haqli savol tug‘iladi. Uning xizmatlari shundaki, yetakchi mutaxassisning sa’y-harakatlari bilan 193 kishi ish bilan ta’minlangan!

Yig‘in davomida 2021—2022-o‘quv yilining g‘oliblari ham aniqlandi. Soha fidoyilari ko‘pligidan ularni aniqlash birmuncha mushkullik tug‘dirdi. Shuning uchun faxrli uchinchi o‘ringa Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugdan Gulnoz Ochilova hamda Havo xujumidan mudofaa qo‘shinlari va harbiy havo kuchlari qo‘mondonligidan  Shahlo Kamoljonova munosib topildi.

Ikkinchi o‘rin Sharqiy harbiy okrug qo‘shinlari mutaxassisi Farog‘at Hayitovaga nasib etdi.

Birinchi o‘rinni Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugidan Azira Bekimbetova egalladi.

Ikki kun davom etgan o‘quv-uslubiy yig‘in yakunida ishtirokchilarga Ilmiy-tadqiqot instituti direktorining o‘rinbosari Oynisa Musurmonova hamda Mudofaa vazirligi Tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari polkovnik Mehriddin Ko‘chkarov tomonidan yetakchi mutaxassis faoliyati samaradorligini ta’minlaydigan sertifikatlar topshirildi.

Ayol, Oila, Hayot uyg‘unligini o‘zida aks ettirgan anor tasviri ham ishtirokchilarning nozik ta’blariga mos tushdi.

Inobat IBROHIMOVA, “Vatanparvar”
Bahrom ABDURAHIMOV suratga olgan.