Denovda mudofaa ishlari boʻlimining yangi binosi foydalanishga topshirildi

0
7292

Prezidentimizning “2020-2022-yillarda Surxondaryo viloyatining Denov tumani va uning markazini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori doirasida koʻp qavatli koʻrkam turar-joy binolar, aholiga tezkor va namunali xizmat koʻrsatuvchi obyektlar hamda ijtimoiy-maʼmuriy binolar bunyod etilmoqda. Oʻtgan yillar mobaynida tumanda bir nechta qoʻp qavatli xonadonlar qurilib foydalanishga topshirilgan boʻlsa, ijtimoiy va maʼmuriy soha obyektlari ham bosqichma-bosqich foydalanishga topshirilmoqda.

Tumanda olib borilayotgan bunyodkorlik ishlariga hamohang tarzda mudofaa ishlari boʻlimining yangi binosi foydalanishga topshirildi. Barpo etilgan mudofaa ishlari boʻlimining yangi binosi endilikda yoshlarni harbiy xizmatga sifatli tayyorlash, vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maskani sifatida xizmat koʻrsatadi.

Binoning tantanali ochilish marosimida Denov tumani hokimligi, Janubiy operativ qoʻmondonligi, Surxondaryo viloyat mudofaa ishlari boshqarmasi, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari hamda yoshlar ishtirok etdi. Tadbirda soʻz olganlar mana shunday koʻrkam va barcha sharoitlarga ega bino Denov yoshlari uchun xizmat qilib, kelajakda vatanparvar oʻsmirlarni oʻz yigitlik burchini oʻtashi uchun yoʻllanma berishga hamda ularning harbiy kasbga boʻlgan qiziqishlarini oshirishga xizmat qilishini alohida qayd etishdi.

— “Armiya ostonasi” deya eʼtirof etiladigan mudofaa ishlari boʻlimi binosi zamonaviy loyiha asosida barpo etilgan boʻlib, bu yerda chaqiriluvchilarni harbiy xizmatga tayyorlash va koʻrikdan oʻtkazish uchun barcha sharoitlar yaratildi. Tuman mudofaa boʻlimining eski binosi bundan qariyib 40 yil ilgari qurib foydalanishga topshirilgan edi. Shu davr mobaynida bir necha marotoba taʼmirlangan boʻlsada yetarlicha sharoitlarga ega emas edi. Bugun sohaga qaratilayotgan eʼtibor sabab, binoda barcha xodimlar uchun zarur imkoniyatlar yaratildi, — deb taʼkidladi Surxondaryo viloyat mudofaa ishlar boshqarmasi boshligʻi podpolkovnik Ilxom Qambarov.

III darajali serjant Akbar AHMEDOV, Termiz garnizoni