Armiya qoʻl jangi boʻyicha chempionatga start berildi

0
5781

Harbiy xizmatchilarning jangovar va jismoniy tayyorgarligini oshirib borish borasida Mudofaa vazirligi miqyosida turli sport yoʻnalishlarida musobaqalar tashkillashtirish anʼanaga aylangan. Jumladan, har yili Mudofaa vazirligi qoʻshinlarida regbi, qoʻl jangi, triatlon, aralash jang sanʼati, boks hamda boshqa sport turlari boʻyicha oʻtkaziladigan musobaqalarning gʻolib va sovrindorlari aniqlanib boriladi.

Bugun Toshkent viloyati Zangiota tumanida joylashgan harbiy qism sport majmuasida Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi qoʻshinlari va harbiy okrug sport vzvodlarining muddatli harbiy xizmatchilari oʻrtasida Armiya qoʻl jangi sport turi boʻyicha chempionatga start berildi. Musobaqada harbiy xizmatchilar toʻqqizta vazn toifasida saralash bellashuvlarini boshlab berdilar. Har bir vazn toifasida qoʻshinlar va harbiy okrug sport vzvodi sharafini ikkitadan sportchi himoya qilmoqda.

Ushbu chempionatda muddatli harbiy xizmatchilar hamda sport vzvodlari sportchilaridan iborat oʻndan ortiq Armiya qoʻl jangi ustalari bilan kelganmiz. Jamoamiz sharafini himoya qilayotgan yigitlar dastlabki janglardanoq raqiblariga munosib qarshilik koʻrsatgan holda muhim gʻalabalarni qoʻlga kiritishmoqda. Niyatimiz, shu tarzda ijobiy natijalarga erishgan holda umumjamoa hisobida gʻolib boʻlish, – deydi Shimoliy-gʻarbiy harbiy okrug jismoniy tayyorgarlik va sport boshligʻi podpolkovnik Shahriyor Iskandarov.

Mazkur chempionatning final bahslari ertaga boʻlib oʻtadi va chempionlar nomi aniqlanadi.

Asror ROʻZIBOYEV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti