Jizzax viloyatining olis hududidagi mahallada vatanparvarlik festivali oʻtkazildi

4283

Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanining eng chekka hududidagi “Yangi hayot” mahallasida yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish, ularni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, isteʼdodi va tashabbuslarini ragʻbatlantirish maqsadida vatanparvarlik festivali tashkil etildi.

Festivalning ochilishiga bagʻishlangan tantanali tadbirda soʻz olganlar, yurtimizning har bir goʻshasida yoshlarning intilish va tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash, isteʼdod va salohiyatlarini roʻyobga chiqarish uchun qulay sharoitlar yaratishga alohida eʼtibor qaratilayotganini taʼkidlab, mahalla yoshlari uchun tashkil etilgan mazkur festivalning mohiyati va koʻzlangan maqsadlar haqida maʼlumot berishdi.

Festivalning asosiy qismi harbiy orkestr jamoalarining ona Vatanni ulugʻlovchi, tinchlik kabi tuygʻularga yoʻgʻrilgan kuy va qoʻshiqlari, harbiy texnika va qurol-aslahalar hamda “Vatanparvar” tashkilotining sport texnikalari koʻrgazmalari, harbiy xizmatchilarning qoʻl jangi boʻyicha chiqishlari mahalladagi yoshlar qalbida milliy armiyamiz bilan faxrlanish kabi hislarini yanada oshirgani bilan ahamiyatli boʻldi.

Yuqori kayfiyat va vatanparvarlik tuygʻulari asosida boshlangan festival davomida mahallada istiqomat qiluvchi yoshlar oʻrtasida sportning futbol, voleybol, basketbol, stol tennisi, shaxmat va shashka, kamondan oʻq otish hamda boshqa milliy oʻyinlar yoʻnalishida musobaqalar oʻtkazildi.

Festival yakunida musobaqa va tanlovlarda gʻolib deb topilgan mahalla yoshlariga faxriy yorliq, badiiy adabiyotlar va sport anjomlari hamda qimmatbaho  sovgʻalari topshirildi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati