“Akademiya boshlig‘i kubogi uchun” sport musobaqalari o‘tkazildi

0
7127

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasida Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumani mahalla yoshlari o‘rtasida “Akademiya boshlig‘i kubogi uchun” sport musobaqalari o‘tkazildi.

Musobaqa 3 bosqichda tashkil qilinib, yoshlar 10 kun davomida mahalla, sektor va tuman g‘olibligi uchun kurash olib borishdi. Yakuniy bosqich bellashuvlari akademiya hududida o‘tkazilib, ishtirokchilar sportning futbol, basketbol, voleybol, stol tennisi va shaxmat turlari bo‘yicha o‘zaro bahslarda ishtirok etishdi.

Darhaqiqat, mahalla yoshlarida jismoniy tarbiya va sportga bo‘lgan qiziqishni oshirish, ularda professional mahorat va ko‘nikmalarni rivojlantirish, sport turlari bo‘yicha iqtidorlilarini tanlab olish va mamlakat terma jamoalari zaxirasini butlash, jamiyatda sog‘lom turmush tarzini yanada ommalashtirish hamda yoshlarning bo‘sh vaqtlaridan unumli foydalangan holda sport mashg‘ulotlariga uzluksiz jalb etish mazkur musobaqadan ko‘zlangan asosiy maqsadlardir.

Bugungi o‘tkazilgan shiddatli bellashuvlardan ko‘rinib turibdiki, qaysidir ma’noda yuqorida ko‘zlangan maqsadlarga erishildi.

Musobaqa yakuniy natijalariga ko‘ra, futbol sport turi bo‘yicha faxrli I o‘rin Bahor mahallasiga nasib qilgan bo‘lsa, basketbolda Shukur Burxonov mahallasi yoshlariga teng keladigani topilmadi. Voleybolda esa g‘alabani  Sultoniya mahallasi sha’nini himoya qilgan yigit-qizlar qo‘lga kiritdi.

Shuningdek, yakka tartibda tashkil qilingan o‘yinlarda ham g‘olib va sovrindorlar aniqlandi. Unga ko‘ra stol tennisi bo‘yicha I o‘rinni Yangi Olmachi mahallasidan kelgan ishtirokchi egallagan bo‘lsa, shaxmat bo‘yicha  Minglola mahallasidan Artyom Makarkin va Avayxon mahallasidan Dilnoza Turdimurodova o‘z intellektual mahorati bilan g‘olib bo‘lishdi.

G‘olib va sovrindorlarga akademiya boshlig‘i kubogi va esdalik sovg‘alari tantanali topshirildi.

Mayor Boburmirzo Soliyev,
O‘zbekiston Respublikasi Q
urolli Kuchlari akademiyasi