Qurolli Kuchlari akademiyasida Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi boʻlib oʻtdi

0
6373

Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasi Chegara qoʻshinlari kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish fakulteti Chegara sanʼati kafedrasi tomonidan “Oʻzbekiston Respublikasining chegara xavfsizligini taʼminlash: muammolar va yechish yoʻllari” mavzusida Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi boʻlib oʻtdi.

Unda Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasi, DXX akademiyasi professor-oʻqituvchilari va mustaqil izlanuvchilari, DXX Chegara qoʻshinlari mutaxassislari, Qurolli Kuchlar faxriylari hamda soha mutaxassislari ishtirok etdi.

Konferensiyada soʻzga chiqqanlar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi chegara xavfsizligining halqaro-huquqiy muammolari, qoʻshni davlatlar bilan chegaralarni delimitatsiya va demarkatsiya qilish siyosatining amaliy jihatlari  xususida maʼlumotlar berildi va ushbu yoʻnalishdagi mavjud muammo va yechish yoʻllari koʻrsatib oʻtildi.

Konferensiyada chegara xavfsizligiga mavjud boʻlgan tahdidlarni oʻrganish, tahlil qilish va prognozlashtirish hamda davlat chegarasini qoʻriqlash va himoya qilish tizimini takomillashtirish boʻyicha atroflicha fikr yuritildi. Shundan soʻng konferensiyada ishtirokchilar tomonidan bildirilgan maʼlumotlar va takliflar yuzasidan muhokama boʻlib oʻtdi.

Konferensiyada faol ishtirok etgan bir guruh harbiy hizmatchilar va Qurolli Kuchlar faxriylari akademiya rahbariyati tomonidan tashakkurnoma bilan taqdirlandi.

Sherzod EGAMBERDIYEV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti