Vazirlik va idoralar oʻrtasida oʻtkazilgan “Dog biatlon” musobaqasida Mudofaa vazirligi jamoasi gʻalaba qozondi

0
5876

4-may kunidan boshlab Mudofaa vazirligi mutaxassis va xizmat itlarini tayyorlash markazida Qurolli Kuchlar tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralar oʻrtasida bo‘lib o‘tayotgan “Dog biatlon” musobaqasi 7-may kuni yakuniga yetdi.

9-may – Xotira va qadrlash kuniga bagʻishlangan mazkur musobaqada Mudofaa, Ichki ishlar va Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qoʻshinlari, Milliy gvardiya hamda Davlat bojxona qoʻmitasi jamoalari oʻz xizmat itlari bilan ishtirok etdi.

“Dog biatlon” musobaqasining soʻngi hal qiluvchi bosqichi — “Dog biatlon estafeta” bellashuvlarida ishtirokchilar 1600 metr masofada jamoa boʻlib, estafeta shartlarini bajarishdi. Aytish kerakki, mazkur shartni tez va aniqlik bilan bajarish juda muhim hisoblanib, jamoalarga yuqori ball olish imkonini berdi.

Yakuniy natijalarga koʻra, umumjamoa hisobida III oʻrin Milliy gvardiya Qoʻriqlash xizimati, IIV Qorovul qoʻshinlari, DXX “Burgut-1” jamoalariga nasib qilgan boʻlsa, II oʻrinni IIV terma jamoasi egalladi. Qurolli Kuchlar tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralar oʻrtasida oʻtkazilgan “Dog biatlon” musobaqasida Mudofaa vazirligining erkaklar va ayollar jamoalari mutlaq gʻoliblikni qoʻlga kiritib, oʻtgan yilgi natijasini takrorladi.

Shuningdek, musobaqada “Dog biatloni yakka tartibda yugurish”, “300 metrli toʻsiqlardan xizmat itlari bilan oʻtish”, “Gʻalabaga boʻlgan kuchli irodasi uchun”, “Dog biatloni 3200 metr masofaga yakka tartibda yugurish”, “Dog biatlon estafetasi” kabi qator nominatsiyalar boʻyicha ham gʻoliblar aniqlandi. Quvonarli jihati shundaki, barcha nominatsiyalarning faxrli oʻrinlarini Mudofaa vazirligi vakillari qoʻlga kiritdi.

Musobaqaning yopilish marosimida mudofaa vaziri general-leytenant Bahodir Qurbonov so‘zga chiqib, yurtimizda bugun har bir sohada yangilanish va oʻzgarishlar amalga oshirilayotganini, xususan, harbiy xizmatchilarning jangovar va maʼnaviy-maʼrifiy tayyorgarligini oshirish, kasbiy koʻnikmalarini yanada mustahkamlash uchun ham yetarli shart-sharoitlar, qulay imkoniyatlar yaratilayotganini alohida ta’kiladi. Musobaqa g‘oliblari va sovrindorlarining qutlab, kelgusi xizmatlari faoliyatida muvaffaqiyatlar tiladi.

Shundan so‘ng gʻoliblarga diplom, kubok va qimmatbaho sovgʻalar topshirildi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti