Mudofaa vaziri faxriylar xonadonida

0
8129

Millatimizda qariyalarni qadrlash, ularga ehtirom koʻrsatish kabi ajoyib anʼana bor. Bu anʼana asrlar osha bardavom boʻlib kelayotgan qadriyatlarimiz sirasiga kiradi va u xalqimizning nechogʻliq bagʻrikeng, mehr-muruvvatli ekanligini oʻzida ifoda etadi. Zotan, keksalar xonadon koʻrki, qalbimizni munavvar qiluvchi chiroq. Shuning uchun ham ular har qancha hurmat-izzat koʻrishga, eʼzozlanishga loyiq.

9-may – Xotira va qadrlash kuni bayrami munosabati bilan mudofaa vaziri general-leytenant Bahodir Qurbonov boshchiligidagi bir guruh harbiy xizmatchilar va Qurolli Kuchlar faxriylarining urush va mehnat faxriylari xonadoniga qilgan tashrifi ham ana shunday ezgulikka molik.

Ushbu kun urush va mehnat faxriylari – Nikolay Fomin, Nina Sokolova, Yevdokiya Nesterova va Fedor Bolbas uchun unutilmas voqealarga boy boʻldi. Odam taftini odam oladi, deganlaridek samimiy suhbat davomida keksalar urush xotiralari bilan oʻrtoqlashdi. Tinchlikning qadri haqida oʻz boshlaridan kechirgan kechmishlar misolida soʻzladi. Shu asnoda mehmonlarni bugungi dorulamon kunlarning qadriga yetishga, yurtda hukm surayotgan osoyishtalikni asrashga chorladi. Dillardagi ezgu tilaklar, koʻzlardagi quvonch tillarga koʻchdi.

Shu kuni keksalarning salomatligi harbiy shifokorlar tomonidan tekshiruvdan oʻtkazildi.

Tashrif davomida mudofaa vaziri faxriylarga bayram munosabati bilan yoʻllangan Prezident tabrigini oʻqib eshittirdi. Samimiyatga yoʻgʻrilgan bu soʻzlarga hamohang ravishda pul mukofoti va esdalik sovgʻalari topshirildi.

Harbiy sanʼatkorlar ijrosidagi diltortar qoʻshiqlar esa keksalar uchun unutilmas bayram tuhfasi boʻldi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti