Harbiy mahorat oʻquv mashqlarida toblanadi

0
5883

Mudofaa vazirligi qoʻshinlari har yilgidek bahor mavsumini jangovar tayyorgarlik va shaylikni oshirishga qaratilgan yangi oʻquv yili mashgʻulotlari bilan boshlab yuborishadi. Shu munosabat bilan joylarda yangi oʻquv yili boshlanishiga bagʻishlangan tadbirlar oʻtkazilib, nazariy va amaliy mashgʻulotlarga start berildi. Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi qoʻshinlarida yangi 2022/2023- oʻquv yili “Batalyon taktik guruhlarining jangovar tayyorgarligi yili” deb eʼlon qilindi.

Taʼkidlash kerakki, soʻnggi yillarda Qurolli Kuchlarimizning jangovar qudrati bir necha barobarga oshdi. Milliy armiyamiz saflarida xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilar olib borilgan nazariy va amaliy mashgʻulotlarda har tomonlama toblanib, kasbiy koʻnikmalarini oshirib bordilar. Oʻtgan yillar mobaynida jang olib borishning eng maqbul usullari amaliyotga joriy etilgani professional armiyamiz rivojlanishini yangi bosqichga olib chiqdi.

Yangi 2022/2023- oʻquv yili Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrugining tankchilar harbiy qismida yuqori kayfiyatda boshlandi. Unda dastlab Oʻzbekiston Respublikasi mudofaa vazirining yoʻllagan murojaati oʻqib eshittirildi. Taʼkidlanganidek, Prezidentimiz, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni rahbarligida mudofaa tizimida olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlar armiyaning qiyofasini tubdan oʻzgartirib, uning jangovar shayligi va salohiyatini yuksaltirdi.

Shimoliy gʻarbiy harbiy okrug. Qayd etish lozimki, mazkur okrugning barcha harbiy qism va muassasalari zamon talablari asosida jihozlandi. Kerakli moddiy oʻquv baza bilan toʻliq taʼminlandi. Oʻtgan vaqt davomida eʼtibor faqat va faqat harbiy xizmatchilarning jangovar va maʼnaviy maʼrifiy tayyorgarlik mashgʻulotlariga qaratildi hamda oʻquv yili davomida milliy armiyamiz qator yutuqlarga erishdi. Bugun safda viqor bilan turgan bu oʻgʻlonlar boshlangan yangi oʻquv yilida ham saʼy-harakatlarni davom ettirgan holda yuksak marralarni qoʻlga kiritishga, yangi natijalarga erishishga shay. Yangi oʻquv yilining ochilish marosimida yurt posbonlari 2022/2023 oʻquv yili boshlangani bilan samimiy qutlanib, omad va zafarlar bildirildi.

Markaziy harbiy okrug. Prezidentimiz, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni tashabbusi bilan qoʻshinlarda joriy etilgan batalyon taktik guruhlari bugun amalda oʻzining ijobiy natijasini koʻrsatmoqda. Yangi oʻquv yili doirasida Markaziy harbiy okrugiga qarashli harbiy qismlarning birida tashkil etilgan marosimda ham ushbu fikr mulohazalar eʼtirof etildi. Qurolli Kuchlarimizda amalga oshirilayotgan yangilanish va oʻzgarishlar xususida fikr-mulohazalar yuritildi.

Sharqiy harbiy okrugining desantchilar harbiy qismi. “Batalyon taktik guruhlarining jangovar tayyorgarligi yili” shiori ostida boshlangan oʻquv yili doirasida bugun bu yerda saf tortgan oʻgʻlonlarning ham maqsadlari yuksak. Ular milliy armiyamizning salohiyatini, jangovar qudratini oshirishga shay. Tantanali marosimdan soʻng yangi bilim va koʻnikmalarni egallashga chanqoq harbiy xizmatchilar oʻquv mashgʻulotlariga yoʻl olishdi.

Toshkent harbiy okrugi. Joriy yilgi yangi oʻquv yilida yurt himoyachilari dunyo va mintaqada kechayotgan harbiy siyosiy vaziyatdan kelib chiqqan holda tashkil etiladigan nazariy va amaliy mashgʻulotlarda oʻz tajribalarini yanada boyitib borishadi. Shu kabi fikr-mulohazalar bildirilgan tantanali tadbirda milliy armiyamizda olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlar, harbiy xizmatchilarga yaratilayotgan shart-sharoitlar, imkoniyatlar, bularning barchasi Vatan posbonlariga davlatimiz tomonidan qaratilayotgan eʼtibor va gʻamxoʻrlikning amaliy ifodasi ekani taʼkidlandi. Shundan soʻng shaxsiy tarkib tashkil etilgan oʻquv joylarida nazariy mashgʻulotlarga kirishdi.

HHMQ va HHK. Milliy armiya haqida gap ketar ekan Havo hujumidan mudofaa qoʻshinlari va harbiy havo kuchlari salohiyatini alohida eʼtirof etish joiz. Mudofaa tizimida amalga oshirilayotgan yangilanishlar milliy armiyamizning ushbu tarmogʻida ham oʻz aksini topgan. Xususan, mazkur qoʻmondonlikka qarashli harbiy qism va boʻlinmalarning yangi, zamonaviy harbiy texnikalar, qurol-yarogʻlar bilan taʼminlangani, ilgʻor xorij tajribalar va qoʻshinlarni boshqarish, soha mutaxassislarini tayyorlashda innovatsion yondashuvlarning hayotga tadbiq etilishi doimiy shaylikni mustahamlashda muhim oʻrin tutmoqda. Havo hujumidan mudofaa boʻlinmalarida ham yangi oʻquv yili saf maydoniga davlat bayrogʻini olib kirish bilan boshlandi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti