Mudofaa vazirining kubogi eng kuchli jamoaga nasib etdi

0
8952

Qurolli Kuchlar akademiyasining Chirchiq shahrida joylashgan oʻquv jarayonini taʼminlash bazasida mudofaa vaziri kubogi uchun “Vatanparvarlar” harbiy-sport musobaqasi o‘tkazildi.

Musobaqaning tantanali ochilish marosimida mudofaa vazirining oʻrinbosari polkovnik Hamdam Qarshiyev va boshqalar mamlakatimizdagi oʻquvchi-yoshlar oʻrtasida ushbu uch bosqichli musobaqaning nufuzi yildan yilga tobora yuksalib borayotganini taʼkidladi.

Umumtaʼlim va nodavlat maktablarning 10- va 11-sinflarida tahsil olayotgan oʻquvchilar oʻrtasida oʻtkazilgan mazkur bellashuvning dastlabki tuman (shahar) bosqichida 8 969 ta maktabdan 100 mingdan ortiq oʻquvchi qatnashgan boʻlsa, II hududiy bosqichda 202 ta maktabdan 3 754 oʻquvchi ishtirok etdi.

Musobaqaning yakuniy final bosqichiga yetib kelgan 14 ta jamoa uchun Mudofaa vazirligi “Chimyon” togʻ tayyorgarligi oʻquv-mashqlar markazi, Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurtiga ekskursiya uyushtirildi. Shuningdek, motivatsion va psixologik seminar-treninglar vatanparvarlik ruhidagi filmlar namoyishi hamda gulxan atrofida “Rahbar va yoshlar”, “Qo‘mondon va yoshlar” kabi ochiq muloqot, uchrashuvlarga ulanib ketdi.

Bu yilgi musobaqani yanada kuchli raqobat ruhida oʻtkazish uchun “Duatlon” sharti qoʻshildi. Bundan tashqari, musobaqa ishtirokchilari “Mohir mergan”, “Harbiylashtirilgan estafeta”, “Jabrlanuvchiga birinchi yordam koʻrsatish”, “Temur tuzuklari” bilimdoni” va “Safda qoʻshiq aytish” shartlari boʻyicha bellashdi.

Qizg‘in va murosasiz kechgan bu yilgi bellashuvda o‘tgan yilgi natijalarni yangilab, rekord o‘rnatgan o‘quvchilar nomi kashf etildi. Ana shunday sportchi o‘quvchilardan biri Jayhun Qurbonboyev (Xorazm viloyati) 92 ochko bilan “Eng mohir mergan” nominatsiyasi, “Harbiylashtirilgan estafeta”da esa Azizbek Saparboyev (Toshkent viloyati) “Eng kuchli sportchi” nominatsiyasi g‘olibi bo‘ldi. Shuningdek, “Temur tuzuklari” bilimdoni” nominatsiyasida Ubaydullo Xo‘jabekov (Surxondaryo)ga teng keladigani topilmadi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, umumjamoa hisobida 1-o‘rinni Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumanidagi 19-maktabning “Temurbek avlodlari” jamoasi egalladi va mudofaa vaziri kubogini qo‘lga kiritdi. Samarqand viloyati Paxtachi tumanidagi 18-maktabning “Sohibqiron Temur” jamoasi ikkinchi va Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumanidagi 10-maktabning “Madadkor” jamoasi 3-o‘ringa sazovor bo‘ldi.

Musobaqaning tantanali yopilish marosimida mudofaa vaziri general-leytenant Bahodir Qurbonov, vazirlik huzuridagi Jamoatchilik kengashi a’zosi, Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri o‘rinbosari Bahodir Umrzoqov, Oʻzbekiston mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti markaziy kengashi raisi Husan Botirov, Yoshlar ishlari agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi raisi Shavkat Zayniddinov va boshqalar mamlakatimizda yosh avlodni har tomonlama barkamol etib tarbiyalash masalasiga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.

Musobaqa g‘olib va sovrindorlariga diplom, medal, statuetka va qimmatbaho sovg‘alar tantanali tarzda topshirildi.

Leytenant Dilshod RO‘ZIQULOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti