Vazirlik va idoralar oʻrtasidagi “Dog biatlon” musobaqasiga start berildi

0
6199

Bugun, 4-may kuni Mudofaa vazirligi mutaxassis va xizmat itlarini tayyorlash markazida Qurolli Kuchlar tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralar oʻrtasida “Dog biatlon” musobaqasi bahslariga start berildi.

9-may – Xotira va qadrlash kuniga bagʻishlangan mazkur musobaqada Mudofaa, Ichki ishlar va Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qoʻshinlari, Milliy gvardiya hamda Davlat bojxona qoʻmitasi jamoalari oʻz xizmat itlari bilan ishtirok etmoqda.

Musobaqaning ochilish marosimida taʼkidlanganidek, bugun har bir sohada yangilanish va oʻzgarishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, harbiy xizmatchilarning jangovar va maʼnaviy maʼrifiy tayyorgarligini oshirish, kasbiy koʻnikmalarini yanada mustahkamlash uchun ham yetarli shart-sharoitlar, qulay imkoniyatlar yaratildi.

Vazirlik va idoralar tomonidan kinologiya sohasini rivojlantirish, mutaxassis kinologlar oʻrtasida sogʻlom raqobat muhitini shakllantirish, natijalar samaradorligini yanada oshirish, ularni xalqaro musobaqalarda munosib ishtirok etishini taʼminlash maqsadida 8 ta jamoa ishtirokida tashkil etilgan musobaqa qiziqarli bellashuvlar, kutilmagan tasodiflar bilan boshlandi.

Jamoalar dastlab “Dog biatlon” shartida oʻzaro bellashishdi. Unga koʻra ishtirokchilar 3200 metr masofaga yakka tartibda yugurish bilan birga belgilangan nishonni ham oʻta aniqlik bilan moʻljalga olgan holda vazifalarni yuqori aniqlikda bajarishga harakat qilishdi. Bunda ayniqsa Mudofaa vazirligi jamoasining natijalari, shartlar bajarilishi qiziqarli boʻlmoqda. Mazkur jamoa kinologlari mana 5 yildan buyon xalqaro armiya oʻyinlarida nafaqat faxrli oʻrinlarni egallashga, balki bir necha yoʻnalishlar boʻyicha rekordlarni ham yangilashga muyassar boʻlishmoqda.

Taʼkidlash lozimki, bir nechta shartlarni oʻz ichiga olgan mazkur musobaqa barcha ishtirokchilar uchun oʻzaro bilim, malaka va tajriba almashish imkonini beradi.

Eslatib oʻtamiz, musobaqa 7-may kuniga qadar davom etadi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti