Nukusda harbiy okrug polvonlari milliy kurash musobaqasida bellashdi

0
6315

Nukus garnizonidagi harbiy okrug sport majmuasida Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari harbiy xizmatchilari oʻrtasida sportning milliy kurash turi boʻyicha musobaqa boʻlib oʻtdi.

Mudofaa vazirligi qoʻshinlarida milliy sport oʻyinlari, qadimdan saqlanib qolayotgan urf-odat va anʼanalarni rivojlantirish, ularni harbiy xizmatchilar oʻrtasida ommalashtirish maqsadida oʻtkazilgan bellashuvda harbiy okrug qoʻshinlarining Nukus va Urganch garnizonlarida joylashgan harbiy qismlardan iborat 10 ta jamoaning 280 nafarga yaqin aʼzosi 7 vazn toifasida gʻoliblik uchun bahslashdi.

Musobaqaning tantanali yopilish marosimida Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonligi vakillari ishtirok etib, butun jahon nigohiga tushib, dovrugʻ va shuhrat qozonayotgan, millionlarni oʻziga mahliyo etayotgan milliy kurash jahonning yuksak maʼnaviy qadriyatlaridan biri sifatida oʻzining chuqur tarixiy ildizlariga ega ekanligini taʼkidlab oʻtdi.

Haqiqatdan ham kurash taʼsirli tarbiya vositasi hisoblanib, insonning irodasi, sabru-bardoshini toblash, sogʻom turmush tarzini odat qilishga oʻrgatishning eng taʼsirli usulidir.

Murosasiz bahslarga boy oʻtgan bellashuv ham katta sportga kirib kelayotgan yosh va umidli sportchilar, ham ilgari yuksak natijalarga erishib kelayotgan pahlavonlarga oʻzaro tajriba almashish, oʻz kuchi va imkoniyatlarini yana bir bor sinovdan oʻtkazish hamda koʻnikmalarini mustahkamlashga imkon yaratdi.

Faxrli birinchi oʻrinlarni qoʻlga kiritgan harbiy xizmatchilar musobaqaning keyingi bosqichiga yoʻllanmani qoʻlga kiritib, shu yilning iyul oyida oʻtkaziladigan Mudofaa vazirligi qoʻshinlari miqyosidagi chempionatda harbiy okrug sharafini himoya qilish kabi masʼuliyatga muyassar boʻldi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati