Samarqandda uch avlod vakillari ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi

0
5563

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari kichik mutaxassislarni tayyorlash markazi hamda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Samarqand viloyati kengashi hamkorligida Samarqand shahrida joylashgan 32-umumta’lim maktabida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil qilindi.

Unda Samarqand shahrida istiqomat qiluvchi nuroniy otaxonlar, Qurolli Kuchlar faxriylari, mahalla faollari, yoshlar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Dastavval 9-may ؘ– Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan bo‘lib o‘tgan uch avlod uchrashuvi maktab o‘quvchilarining badiiy chiqishlari va harbiy xizmatchilarning jangovar namoyishlariga ulanib ketdi.

Jumladan, uch avlod vakillari ishtirokida o‘tkazilgan tadbirda yoshlarga xos kuch-g‘ayrat va keksa avlod vakillarining boy hayot maktabi birlashdi. Qurolli Kuchlar faxriylari o‘quvchi yoshlarga sovuq urush yillaridagi mashaqqatli hayot hikoyalarini aytib berar ekan, bugungi tinch va osuda hayotning qadriga yetib, ona Vatanga sodiq inson bo‘lib ulg‘ayishi kerakligini nasihat qildi. O‘quvchilar esa o‘tgan davr voqealariga tegishli o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.

Shundan so‘ng tadbirning badiiy qismiga o‘tildi.

Unda maktab o‘quvchilari o‘zlari tayyorlagan sahna ko‘rinishlari, qo‘shiq va raqslari bilan ishtirok etib, mehmonlarga xushkayfiyat bag‘ishladi. Markaz kursantlari tomonidan namoyish qilingan qo‘l jangi mashqlari esa, ayniqsa, ertamiz egalarida vatanparvarlik tuyg‘usini, harbiy kasbga bo‘lgan qiziqishini, milliy armiyamizga nisbatan g‘urur va faxr-iftixor tuyg‘ularini oshirdi.

Tadbir so‘ngida faol o‘quvchi yoshlarning bir guruhiga badiiy kitoblar va foydali jurnallar to‘plami sovg‘a qilindi.

Kichik serjant Bahromjon USMANOV