“Vatanparvarlar” harbiy-sport musobaqasi shiddatli o‘tdi

0
5986

Qurolli Kuchlar akademiyasining Chirchiq shahrida joylashgan oʻquv jarayonini taʼminlash bazasida mudofaa vaziri kubogi uchun “Vatanparvarlar” harbiy-sport musobaqasi boshlangani to‘g‘risida xabar berilgandi.

Ta’kidlash joizki, musobaqa doirasida ishtirokchilar uchun Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurti, Mudofaa vazirligi “Chimyon” tog‘ tayyorgarligi o‘quv-mashqlar markaziga ekskursiya uyushtirildi. Vatanparvarlik ruhidagi filmlar namoyishi hamda gulxan atrofida “Rahbar va yoshlar”, “Qo‘mondon va yoshlar” kabi ochiq muloqot, uchrashuvlar o‘tkazildi.

Respublikamizdagi umumta’lim va nodavlat maktablarning 10- va 11-sinflarida tahsil olayotgan o‘quvchilar o‘rtasida mudofaa vaziri kubogi uchun “Vatanparvarlar” harbiy-sport musobaqasining 6 ta sharti qizg‘in va murosasiz tarzda o‘tdi.

Bu yilgi bellashuvda o‘tgan yilgi natijalarni yangilab, rekord o‘rnatgan o‘quvchilar nomi kashf etildi. Ana shunday sportchi o‘quvchilardan biri Jayhun Qurbonboyev (Xorazm) 92 ochko bilan “Eng mohir mergan” nominatsiyasi, “Harbiylashtirilgan estafetada esa Azizbek Saparboyev (Toshkent vil.) “Eng kuchli sportchi” nominatsiyasi sohibi bo‘ldi.
Shuningdek, “Temur tuzuklari” bilimdoni” nominatsiyasida Ubaydullo Xo‘jabekov (Surxondaryo)ga teng keladigani topilmadi.

Umumjamoa hisobida Toshkent, Samarqand va Sirdaryo viloyatlari jamoalari yuqori natijalarni qayd etdi. Eng kuchli jamoalar nomi va ularni taqdirlash marosimi haqida batafsil xabar beramiz.

Leytenant Dilshod RO‘ZIQULOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti