Samarqandlik yoshlar Qashqadaryoda harbiy xizmatchilar mehmoni boʻlishdi

0
7583

Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug qoʻmondonligi tashabbusi bilan Samarqand viloyatining taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan oʻquvchi yoshlarning Qashqadaryo viloyatidagi harbiy qism va muassasalarga sayohati tashkil etildi.

Dastavval oʻquvchilar ustozlari hamrohligida harbiy okrugga boshqaruv apparatiga tashrif buyurib, harbiy xizmat jarayonlari, harbiy boʻlinmalarning erishayotgan yutuqlari, harbiy xizmatchilarga yaratilayotgan sharoitlar bilan yaqindan tanishishdi. Okrugning kecha va bugunidan soʻzlovchi muzeyda kechgan qoʻmondon va yoshlar uchrashuvi har ikki tomon uchun juda ham foydali boʻldi. Uchrashuvda harbiy okrug qoʻmondoni ushbu muzey boʻylab nafaqat harbiy xizmatchilar, balki ularning oila aʼzolari hamda oʻquvchi yoshlar ham sayohat qilishlari mumkin ekanliklarini bildirdi.

Shundan soʻng okrug tashkil etilganidan to bugunga qadar foydalanib kelingan moddiy vositalar namunalari – qurol-yaroq, harbiy anjomlar, kiyim-kechak, hujjatlar va turli gʻalabalar aks etgan eksponatlar bilan boyitilgan muzey boʻylab sayohat qilindi. Ayniqsa, muzeydagi “Vatan – aziz, jasorat – mangu!” burchagida yurt himoyasi uchun janglarda mardlarcha halok boʻlgan qahramonlar suratlari va ularning buyumlari aks etgan koʻrgazmalarni kuzatgan mehmonlarning qalbida allanechuk hislar oʻtdi, desak hech ham adashmaymiz. Bu suratlardagi nigohlar har bir insonni yurtni sevishga undaydi…

Ekskursiya davomida yoshlarga okrug qoʻmondoni hamrohlik qilib, kitoblar ulashgani, ayniqsa, ertamiz egalarini yanada quvontirdi.

Qarshi shahridagi “Vatanparvarlar” bogʻi boʻylab qilingan sayohatda samarqandlik yoshlar harbiy texnikalar haqida qimmatli maʼlumotlarga ega boʻlishgan boʻlsa, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy harbiy aviatsiya bilim yurtida kursantlar uchun yaratilgan sharoit va imkoniyatlar bilan yaqindan tanishib, oʻzgacha his-hayajonlar, gʻurur va iftixor tuygʻulariga ega boʻlishdi.

Shu kuni mehmonlarning Xonobod qoʻrgʻonida joylashgan harbiy qismga tashrifi kun davomidagi kutilmagan voqealarning kulminatsion nuqtasi boʻldi, desak mubolagʻa boʻlmaydi.  Chunki sayohatchilar bu yerda havo sarhadlari dahlsizligini taʼminlashga bel bogʻlagan harbiy xizmatchilar — samo lochinlari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri ochiq muloqotga kirishib, soha boʻyicha oʻzlarini qiziqtirgan savollariga mutaxassislar tomonidan atroflicha javob olishdi.

Yoshlarimiz tadbir tashkilotchilariga minnatdorchilik bildirar ekan, ularga jangovar samolyot-u, vertolyotlar bilan yaqindan tanishish, ularning texnik jihatlaridan boxabar boʻlish imkoniyati yaratib berilganidan  xursandliklarini mamnuniyat bilan qayd etishdi.

Tashkil etilgan mazkur sermazmun sayohatlar yoshlarning sohalar boʻyicha bilimlarini mustahkamlash bilan birga harbiylik kasbiga hurmat va  sohaga qiziqishlarini yanada oshirgani hamda yurt sarhadlari ishonchli qoʻllarda ekanini his ettirgani bilan ham ahamiyatli boʻldi.

Janubi-arbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati