Qoraqalpogʻistonning olis tumanida vatanparvarlik festivali oʻtkazildi

0
7144

Qoraqalpogʻiston Respublikasining Chimboy tumanidagi “Shaxtemir” mahallasida Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻmondonligi, tuman hokimligi, Oʻzbekiston Yoshlar Ittifoqi tuman kengashi, Yoshlar ishlari agentligi tashabbusi bilan “Milliy armiyamiz — yoshlar nigohida” nomli harbiy-vatanparvarlik festivali boʻlib oʻtdi.

Festival mingdan ortiq yigit-qizlarni oʻziga qamrab olgan boʻlib, unda mahalla yoshlari, umumtaʼlim maktablari oʻquvchilari hamda uyushmagan yoshlar qatnashdi.

Harbiy-vatanparvarlik festivalining ochilish marosimida Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni polkovnik Farhodjon Shermatov soʻzga chiqib, yoshlarga yurtimiz taqdiri va kelajagi uchun jonkuyar, fidoyi, vatanparvar insonlar boʻlib ulgʻayishi uchun samimiy tilaklar bildirdi.

Tadbir “Qoʻmondon kubogi” uchun tashkil etilgan sport musobaqalari va harbiy estafeta oʻyinlari bilan boshlandi. Ayniqsa, “Timbilding” jamoaviy oʻyini yoshlarga zavq bagʻishlab, bellashuv orqali yoshlar jipslik va ittifoqdagi harakatning natijasi samarali ekanini anglab yetishdi.

Nukus qurilish sohasida malakali mutaxassislarni tayyorlash markazi hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Mudofaa ishlari boshqarmasi huzuridagi Chaqiriluvchilarni harbiy-texnik mutaxassisliklar boʻyicha tayyorlash markazi tomonidan kasbga yoʻnaltirilgan koʻrgazmali targʻibot tadbiri ham yoshlarning kelgusida oʻz hayot yoʻlini belgilashga turtki berdi.

Nukus garnizoni harbiy gospitalining tashabbusi bilan “Sogʻlomlashtirish” aksiyasi oʻtkazilib, tibbiyot mutaxassislari Chimboy tumani aholisini chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrikdan oʻtkazishdi. Ekspress laboratoriya hamda zamonaviy tibbiy uskunalar yordamida aholiga tibbiy muolaja va maslahatlar berildi.

Festival yakunida sport musobaqalarida faol ishtirok etgan va gʻoliblikni qoʻlga kiritgan bir guruh yoshlar qimmatbaho sovgʻa va faxriy yorliqlar bilan taqdirlandi.

Qoraqalpogʻistonlik ijodkorlar hamda Nukus garnizoni Maʼnaviyat va maʼrifat markazi harbiy orkestri jamoasining diltortar kuy va qoʻshiqlari festivalga yanada qizgʻin, jozibali kayfiyat tortiq etdi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati