Maʼnaviy-maʼrifiy tayyorgarlik mashgʻulotini yangi tizimini joriy etish boʻyicha oʻquv-uslubiy yigʻin oʻtkazildi

0
7808

Markaziy harbiy okrugning Madaniyat va maʼrifat markazida okrug qoʻshinlari maʼnaviy-maʼrifiy tayyorgarlik mashgʻuloti guruh rahbarlari va ularning yordamchilari bilan oʻquv-uslubiy yigʻin oʻtkazildi.

Unda harbiy okrug qoʻmondonligi ofitserlari, Samarqand davlat universitetining malakali professor oʻqituvchilari, keng jamoatchilik vakillari hamda onlayn tarzda okrug garnizonlaridagi barcha harbiy qism va muasssalarining komandirlari va harbiy xizmatchilari ishtirok etishdi.

Tadbirda okrug qoʻshinlari qoʻmondoni polkovnik Oybek Saidov soʻzga chiqib, harbiy xizmatchilarda yuksak vatanparvarlik, oʻz kasbiga sadoqat va fidoyilik fazilatlarini kamol toptirish, ularda milliy gʻurur va milliy ruh sifatlarini hamda maʼnaviy-maʼrifiy saviyasini va dunyoqarashini oshirish, boʻlinmalarda sogʻlom axloqiy-ruhiy muhitni va yuksak harbiy intizomni mustahkamlash barcha boʻgʻindagi komandirlarning asosiy vazifasi ekanligini taʼkidladi.

Shuningdek, Prezidentimiz qaroriga muvofiq “Vatan muqaddas uni himoya qilish sharafli burchdir” degan bosh gʻoya asosida haftaning juma kunlari “Maʼnaviy yuksalish va vatanparvarlik kuni” tadbirlarini keng jamoatchilik vakillarini jalb etgan holda yuqori saviyada tashkil etish va shu kuni harbiy xizmatchilar, shu jumladan yoshlarni ona Vatanga sadoqat va fidoyilik ruhida tarbiyalashga eʼtibor qaratish boʻyicha tegishli koʻrsatma berdi.

Yigʻin davomida taklif etilgan mutaxassislarning mashgʻulot rahbarlarida notiqliq sanʼatining oʻrni va ahamiyati, mashgʻulotlarni tashkil etishda innovatsion yondashuv, axloqiy-ruhiy taʼminotning yangicha yoʻnalishlari, huquqbuzarliklar profilaktikasini tashkil etish kabi masalalaridagi maʼruzalari tinglandi.

Oʻquv uslubiy yigʻinda eng asosiy masala sifatida yoshlar tarbiyasiga alohida urgʻu berilib, harbiy qism va muassasalarga biriktirilgan tuman yoshlari bilan yangi mexanizm asosida oyning toʻrt haftasida turli yoʻnalishlar boʻyicha tadbirlarni tashkil etish, shuningdek ularning baholanib borilishi 17 ta yoʻnalishda aniqlanishi yetkazildi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati