Harbiy xizmatchilarning ishtiroki o‘quvchilarda cheksiz quvonch uyg‘otdi

0
7484

Toshkent viloyati Pskent tumanidagi 79-imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maxsus maktab-internatida «Bizni mehr birlashtiradi!» deb nomlangan yoshlar festivali o‘tkazildi.

Mudofaa vazirligi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti hamkorligida tashkil etilgan tadbirda davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan besh tashabbus ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar, ko‘l mehnati yordamida yaratilgan hunarmandchilik namunalari namoyish etildi. Tadbirda Pskent tumanidagi bolalar va o‘smirlar sport hamda musiqa va san’at maktabi hamda «Barkamol avlod» bolalar maktabi o‘quvchilari ham o‘z chiqishlari bilan ishtirok etishdi.

Harbiy orkestning konsert dasturi hamda Vatanimiz posbonlarining qo‘l jangi chiqishlari davraga yanada ko‘tarinki va bayramona kayfiyat bag‘ishlagan bo‘lsa, musiqiy kuy-qo‘shiqlarga hamohang raqs tushib quvnayotgan bolajonlarning qalbi esa bir olam sevinchga to‘ldi.

Harbiy institutdan kelgan kursant akalarimizga loydan haykalcha yasash jarayonini ko‘rsatib berdim, – deydi 79-maxsus maktab-internat o‘quvchisi Marvarid Qudratova. – O‘z navbatida, ular o‘zlari tayyorlagan texnik ishlanma va robotlarini ta’riflab berdi. Men harbiy libosdagi ana shunday zukko, zehni o‘tkir Vatan himoyachilariga havas qildim.

Shu kuni ana shunday festivallardan biri poytaxtimizdagi 210-maktabda ham yuqori saviyada tashkil etildi. Besh tashabbus ijrosi bo‘yicha tashkil etilgan ko‘rgazmalarda yosh avlodga musiqa va tasviriy san’at sirlarini yetkazish, o‘quvchi qizlarga kasb-hunar o‘rgatish, sport orqali sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishga alohida e’tibor qaratildi.

O‘quvchilarni vatanparvarlik ruhida va har tomonlama barkamol etib tarbiyalash, jamiyatda o‘z o‘rniga ega bo‘lishida munosib hissa qo‘shish oldimizga qo‘ygan eng ustuvor maqsadlarimiz sirasidandir, – deydi maktab direktorining o‘rinbosari Dilshod Murodullayev. – Zotan, mamlakatimizning ertangi kuni, porloq kelajagining asosiy tayanchi va suyanchi yosh avlod hisoblanadi.

Leytenant Dilshod RO‘ZIQULOV,
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy
kommunikatsiyalar departamenti