Nukusdagi harbiy mahallada “Zukko kitobxon” intellektual oʻyini oʻtkazildi

0
6227

Nukusdagi harbiy shaharchalarning birida “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida “Zukko kitobxon” intellektual oʻyini o‘tkazildi.

Yoshlarni Vatanimiz, xalqimiz, milliy qadriyatlarimiz, tarixiy-maʼnaviy merosimizga hurmat va sadoqat ruhida tarbiyalash, dunyoqarashi va fikrlash doirasini kengaytirish, ijodiy salohiyatini oshirish, ijodkor yoshlarni ragʻbatlantirish hamda oʻzbek va jahon adabiyotining sara asarlariga mehr uygʻotish maqsadida oʻtkazilgan oʻyinda Nukus shahrining “Vatanparvar” mahallasi yoshlari tarkibidan iborat “Vatanparvar”, “Beklar”, “Qalqon”, “Qurilish”, “Adolat”, “Ustozlar”, “Jayxun” va safarbarlik chaqiruvi rezervi batalyonining “Temurbeklar” jamoalari kitob mutolaasiga boʻlgan qiziqishlarini namoyish etib, bilimlarini sinashdi.

Nizomga koʻra, har bir oʻyin uchun 8 tagacha kitoblar tanlab olinadi va jamoalarga oʻyinlardan 1 oy oldin eʼlon qilinadi. Intellektual oʻyinda jamoalarga eʼlon qilingan kitoblardan dastlab 4 tasi oʻyinga qoʻyiladi. Oʻyinga qoʻyilgan har bir kitobdan 6 ta savol oʻynaladi va 6 ta savol oʻynalib boʻlingan kitoblar zaxiradagi kitoblarga almashtiriladi.

Mahalla yoshlari oʻrtasida qizgʻin oʻtgan oʻyinda 4 ta kitob boʻyicha jami 24 ta savollarga javob berildi. Savollarga zukkolik bilan aniq javob bergan “Ustozlar” jamoasi eng koʻp ball toʻplab, faxrli 1-oʻringa loyiq topilib, navbatdagi bosqichga yoʻllanmani qoʻlga kiritdi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati