Harbiy xizmatchilarning oila a’zolari bilan davra suhbati

0
5663

Mudofaa vazirligiga qarashli Toshkent viloyati Olmaliq shahri va Bo‘stonliq tumanida joylashgan harbiy qismlarda harbiy xizmatchilarning oila a’zolari bilan ishlovchi faol yetakchilar ishtirokida “Farzand tarbiyasida ota-onaning roli” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.

Unda Mudofaa vazirligi xotin-qizlar va harbiy xizmatchilarning oila a’zolari bilan ishlash bo‘yicha bosh mutaxassis Zulfiya Mansurova hamda Toshkent shahar “Buvijonlar maktabi” a’zosi, psixolog Shoira Ismailova ishtirok etib, oiladagi sog‘lom muhitning barkamol avlod tarbiyasidagi o‘rni, ota-onaning farzand oldidagi burchi va uning kelajagi uchun birdek mas’ulligi, bu jarayonda shaxsiy namunaning ahamiyati xususida fikr-mulohazalar bildirdi.

Shuningdek, Zulfiya Mansurova harbiy xizmatchi xizmat faoliyatini tinch, xotirjam olib borishida oiladagi muhitning osoyishtaligi, turmush o‘rtog‘ining oqila, bardoshli va irodali bo‘lishi katta yordam berishi haqida alohida to‘xtalib o‘tdi. Yurt himoyachisining rafiqasi bo‘lish u bilan teng ravishda Vatanga xizmat qilish ekani, bu esa ayoldan ham mas’uliyatni, ham matonatni talab etishini alohida ta’kidlandi. 

Psixologik treninglarda esa harbiy oila bekalari faol ishtirok etib, mutaxassisdan oilada er-xotin va farzandlar o‘rtasidagi munosabatni yanada yaxshilash xususida tegishli maslahatlar, tavsiyalar va o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar olishdi.

Shu kuni harbiy xizmatchilar bilan ham “Oilada otaning o‘rni” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

Bu kabi tadbirlarning tez-tez o’tkazib turilishi harbiy xizmatchilarning oilalari mustahkamligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy
kommunikatsiyalar departamenti