Olmaliqda yangi dala oʻquv maydoni foydalanishga topshirildi

0
1329

Mudofaa vazirligining Toshkent viloyati Olmaliq shahrida joylashgan harbiy qismi uchun zamon talablariga asosan jihozlangan va yangidan qurib bitkazilgan dala oʻquv maydoni foydalanishga topshirildi.

Dala oʻquv maydonining foydalanishga topshirish marosimida davlat va jamoat tashkilotlarining vakillari ishtirok etdi. Tadbir davomida qoʻshinlar qoʻmondoni soʻnggi yillarda harbiy qismlarning infratuzilmasini yanada takomillashtirish, harbiy xizmatchilarning ijtimoiy himoyasini taʼminlash va ularga yaratib berilayotgan imtiyoz va imkoniyatlar kundan-kunga ortayotganligi haqida alohida toʻxtalib oʻtdi.

Harbiy xizmatchilar jangovar vazifalarni muvaffaqqiyatli bajarishlarida real vaziyatlarga yaqinlashtirilgan mashq va amaliy harakatlarning, shu oʻrinda dala oʻquv maydonlarining ham oʻrni muhim hisoblanadi.

Yangi dala oʻquv maydonida iqlim va joy sharoitlarini oʻzida mujassamlashtirgan taktik shaharcha, amaliy oʻq otish maydonchasi, dala oshxonasi, simli toʻsiqdan oʻtish yoʻlagi, dushman bilan yaqin masofada qoʻl jangi usullaridan foydalanish va pichoq bilan hujum qilish kabi oʻquv nuqtalaridan iborat yangi obyektlar qurilib foydalanishga topshirildi.

Albatta, bu kabi shart-sharoitlar dala oʻquv maydonlarining infratuzilmasini yaxshilash bilan birga, harbiy xizmatchilarning jangovar vazifalarni muvafaqqiyatli bajarishlarida muhim ahamiyat kasb etadi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti