Jizzaxda mahalla yoshlari mudofaa vaziri kubogi uchun bellashdi

0
5432

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, Yoshlar ittifoqi markaziy kengashi, Xalq ta’limi vazirligi hamda “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi tomonidan 2022-yilning 22-fevralda imzolangan qo‘shma qarorga ko‘ra mudofaa vaziri kubogi uchun uyushmagan yoshlar o‘rtasida “Vatanparvarlar” harbiy-sport musobaqalarini o‘tkazish belgilangan edi.  Ayni vaqtda ushbu musobaqaning dastlabki bosqichi — tuman miqyosida mahalla yoshlari o‘rtasidagi bahslari yakunlanib, respublika bo’ylab viloyat bosqichlariga start berilgan.

Ana shunday musobaqalardan biri Markaziy harbiy okrugning Jizzax garnizonidagi harbiy qismda bo‘lib o‘tdi. Unda viloyatning shahar va tumanlarida joylashgan mahallalardagi uyushmagan yoshlardan tashkil topgan 12 ta jamoa o‘zaro bahslarga kirishdi.

Musobaqa ishtirokchilari jonli harbiycha qo‘shiq ijrosi bo‘yicha “Safda qo‘shiq aytish”, pnevmatik qurolda nazorat otish mashqini bajarish bo‘yicha “Mohir mergan”, avtomat qurolini noto‘liq qismlarga ajratish va yig‘ish, gazga qarshi niqobni kiyish va yuk avtomobilining g‘ildiragini aylantirib yugurish bo‘yicha “Harbiy estafeta”, birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha “Jabrlanuvchiga birinchi yordam ko‘rsatish”, alohida qiz va o‘g‘il bolalar o‘rtasidagi “Duatlon” hamda “Temur tuzuklari bilimdoni” deb nomlangan shartlarda o‘zaro bellashdilar.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, III o‘rin Zarbdor tumanidagi “Andijon” MFYning “Qalqon” jamoasiga, II o‘rin esa G‘allaorol tumanidagi “Sarbozor” MFYning “Yosh askarlar” jamoasiga nasib qilgan bo‘lsa, faxrli I o‘rinni Paxtakor tumanidagi “Oltinko‘l” MFYning “Alanga” jamoasi egalladi.

G‘olib va sovrindorlar diplom, faxriy yorliq, esdalik sovg‘alari hamda harbiy okrug qo‘mondonining maxsus kubogi bilan taqdirlandi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati