Tibbiy taʼminot xizmati rahbariyati tarkibining uch kunlik oʻquv-uslubiy yigʻini boshlandi

0
5697

Bugun, 27-aprel kuni Qurolli Kuchlar akademiyasi va Harbiy tibbiyot akademiyasida Mudofaa vazirligi tibbiy taʼminot xizmati rahbariyati tarkibining oʻquv-uslubiy yigʻini boshlandi.

Uch kun davom etdigan oʻquv-uslubiy yigʻinining birinchi kuni konferensiya tarzida tashkil qilinib, bunda ishtirokchilar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 13-yanvardagi Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan majlisidagi topshiriqlarining mazmun-mohiyati, Mudofaa vazirligi qoʻshinlarining tibbiy taʼminotini 2022-2023-oʻquv yilida harbiy tibbiyotni yanada rivojlantirish boʻyicha asosiy yoʻnalishlarni belgilab olish, rahbar xodim va harbiy tibbiy kadrlar oldiga qoʻyilgan asosiy meʼzonlar hamda tibbiyot sohasidagi hukumat qarorlari, vazirlik boshqaruv hujjatlari talablarini yetkazish, tibbiy taʼminot xizmati shaxsiy tarkibini harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, axloqiy-ruhiy holatini yaxshilash, respublika tibbiyot tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, ularning mazmun-mohiyati, sohaga doir olib borilayotgan tadbirlar samaradorligini oshirish kabi masalalar muhokama qilindi.

Maʼruzachilar jahon va Markaziy Osiyo mintaqasidagi harbiy-siyosiy vaziyatning oʻziga xos xususiyatlari, rivojlanish tendensiyalari va unga taʼsir etuvchi omillar, 2022-2026-yillarga moʻljallangan yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasida sogʻliqni saqlash yoʻnalishida amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlar, tibbiy taʼminot xizmatida uchrashi mumkin boʻlgan korrupsion omillar va ularni oldini olish tadbirlari haqida ishtirokchilarga maʼlumot berib oʻtishdi.

Ishtirokchilar kunning ikkinchi yarmida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida hozirgi zamon rahbar kadrlarga boʻlgan talablar, rahbar kadrlar tayyorlash tizimi hamda uning oʻziga xos xususiyatlari mavzusidagi maʼruzalar bilan tanishish, “Gʻalaba bogʻi” tarixiy yodgorlik majmuasida esa Ikkinchi jahon urushida erishilgan gʻalabada harbiy tibbiyot xodimlarining qoʻshgan hissasi borasida muhim maʼlumotlarga ega boʻlishadi.

Katta leytenant Bobur ELMURODOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti