Matbuot anjumani: Taraqqiyot strategiyasi Mudofaa vazirligi diqqat markazida

0
5416

Bugun O‘zbekiston milliy matbuot markazida o‘tkazilgan matbuot anjumanida keng jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari xodimlariga “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi”ga muvofiq Mudofaa vazirligi tomonidan joriy yilning birinchi choragi davomida olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumotlar yetkazildi.

Anjumanda soha yo‘nalishlari bo‘yicha mas’ul bosh boshqarmalar boshliqlari – polkovnik Otabek Yuldashev (mudofaa vazirining matbuot kotibi – axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi), tibbiy xizmat polkovnigi Bahodir Abdulaxatov (Mudofaa vazirligi Tibbiy ta’minot boshqarmasi boshlig‘i), polkovnik Mashhur Aglayev (Mudofaa vazirligi Jangovar tayyorgarlik bosh boshqarmasining boshqarma boshlig‘i), podpolkovnik Oybek Mamadaliyev (Mudofaa vazirligi Tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bosh boshqarmasining boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari) hamda kapitan Alijon Qambarov (Mudofaa vazirligi Ta’minot departamenti uy-joydan foydalanish boshqarmasi mas’ul ofitseri) ishtirok etishdi. Mudofaa vazirligi mutaxassislari Davlat dasturining 263, 332, 336, 337 va 338-bandlarida ko‘zda tutilgan dolzarb masalalar bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha haqida ma’lumotlar yetkazib, ommaviy axborot vositalari xodimlarini qiziqtirgan savollariga javob berishdi.

Ma’lumki, mamlakatimizning 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasida yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash tadbirlarini yanada kuchaytirish, Mudofaa vazirligi qo‘shinlarining jangovar shayligi va tayyorgarligi hamda o‘quv moddiy-texnik bazasini yanada takomillashtirish, Qurolli Kuchlar harbiy xizmatchilarini har yili imtiyozli ipoteka krediti asosida uy-joy bilan ta’minlash, harbiy xizmatchilarning jangovar ruhiyatini oshirish, harbiy qism va muassasalarda mavjud xotin-qizlar hamda harbiy xizmatchilarning oila a’zolari bilan ishlash borasida yetakchi mutaxassislarning ish faoliyati samaradorligini oshirish kabi jihatlarga jiddiy e’tibor qaratilgan. Shuning uchun ijtimoiy hayotimizning muhim bo‘g‘ini bo‘lgan milliy armiyamizning kelgusida xalqimiz bilan hamjihatlikda, birdamlikda va jipslikda olib borayotgan ishlari, ko‘zda tutilgan rejalari ommaviy axborot vositalari xodimlarini qiziqtirmasdan qolmadi.

Matbuot anjumanida shuningdek, harbiy-tibbiy muassasalar infratuzilmasi va moddiy-texnik bazasini takomillashtirish, ularni zamonaviy tibbiyot uskunalari hamda axborot-kommunikatsiya vositalari bilan bosqichma-bosqich jihozlash rejalari bo‘yicha ham ma’lumotlar berilib, ommaviy axborot vositalari xodimlarini qiziqtirgan savollariga javob qaytarildi.

Asror RO‘ZIBOYEV,
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy
kommunikatsiyalar departamenti