Samarqandlik qahramonlarning xotirasi yod olindi

0
4932

“Ona Vatan tinchligi yoʻlida jon fido etgan oʻgʻlonlar, qalbimizda mangu yashaydi!” shiori ostida xayrli tadbirlar davom etmoqda. Ana shunday tadbirlardan Samarqand hamda Kattaqoʻrgʻon garnizonlarida oʻtkazildi.

Unda harbiy xizmatchilar 2000-yil Surxondaryo viloyatining Uzun va Sariosiyo tumanlarining togʻli hududlaridagi jangovar harakatlarda Vatanimiz tinchligi va osoyishtaligini taʼminlashda jonbozlik koʻrsatgan leytenant Sayyor Sadinov hamda Ulugʻbek Barnoyevning xonadoni boʻlishdi.

Samarqandlik Sayyor Sadinovning xonadonida boʻlgan suhbat davomida onasi Roziya opa Sadinova oʻgʻli Surxondaryo viloyatining togʻli hududlarida, togʻ qoyalar oraligʻida boʻlib oʻtgan xalqaro terrorchi guruhlar toʻdasiga qarshi jangovar harakatlarga birinchilardan yordamga yetib borganini hamda ogʻir yaralanishiga qaramasdan jangovar harakatni toʻxtatmasdan oʻz vazifasini bajarishni davom ettirganini yosh harbiy xizmatchilarga soʻzlab berdi.

Kattaqoʻrgʻonlik yana bir qahramon serjant Ulugʻbek Barnoyevning ota-onasi xonadonga kelgan harbiy xizmatchilarga qarab, “Sizlarni koʻrib farzandimizni koʻrgandek boʻlamiz, uning hayoti, qisqa boʻlsada yashagan umri behuda oʻtmaganligiga amin boʻlamiz, toʻgʻri, bugun oʻgʻlimiz oramizda yoʻq, lekin uning jasorati, yurtimiz tinchligi yoʻlidagi xizmati bilan oʻzidan ulkan xotira qoldirdi”, deya magʻrurlanib soʻz boshlashdi.

 

Suhbat davomida ona oʻgʻlining yoshlik yillarini eslab, uning ilmga chanqoqligi, bolaligidanoq avvalo oʻz uyini, Vatanini sevgani uchun harbiy kasbga qiziqish bildirganini taʼkidlab oʻtdi.

Harbiy xizmatchilar har ikki mard oʻgʻlonlar oʻqigan maktablarda boʻlib, oʻquvchi yoshlar hamda yaqinlari bilan birga ularning byustlari poyiga gullar qoʻyishdi.  

Ha, oʻtganlarni, ularning xayrli ishlarini, jasoratlarini xotirlash ezgu qadriyat. Zero, xotira uygʻoq ekan ajdodlarimizning, mard va jasur oʻgʻlonlarning Vatan tinchligi, xalq farovonligi yoʻlidagi xizmatlari qalblarimizda mangu yashaydi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati