Markaziy harbiy okrugda “Serjantlar forumi” oʻtkazildi

0
6523

Markaziy harbiy okrugning Madaniyat va maʼrifat markazida harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni polkovnik Oybek Saidov, Qurolli Kuchlar faxriylari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari hamda serjantlar va ularning oila aʼzolari ishtirokida “Serjantlar forumi” tashkil etildi.

Unda soʻz olgan harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni serjantlar armiyamizning suyanchi va tayanchi ekanligini taʼkidlab, Mudofaa vazirligi qoʻshinlarida taʼsis etilgan “Yoʻriqchi serjant” lavozimiga, harbiy qism va muassasalardan hayotiy hamda amaliy tajribaga ega kontrakt boʻyicha harbiy xizmatchi oddiy askar, kichik serjant va serjantlar saralab olinganini mamnuniyat bilan eʼtirof etdi.

Shundan soʻng, harbiy qism va muassasalardan soʻzga chiqqan serjantlar hamda jamoatchilik vakillari turli mavzularda, jumladan mudofaa salohiyatini yuksaltirish, jangovar shaylik va axloqiy-ruhiy holatni yaxshilash, jinoyatchilikka qarshi kurashish va oilaviy qadriyatlarni targʻib qilish kabi yoʻnalishlarda olib borilayotgan ishlar boʻyicha oʻz fikrlarini bildirishdi.

Forum doirasida yuqori harbiy intizom, jangovar va maʼnaviy-maʼrifiy tayyogarlik mashgʻulotlarida yuqori natijalarni qoʻlga kiritgan harbiy xizmatchilarga navbatdagi serjant unvonlari va esdalik sovgʻalari tantanali ravishda topshirildi.

Shu kuni forum ishtirokchilariga bolalar toʻgaraklarining tasviriy sanʼat boʻyicha ijod namunalari namoyishi etilib, kitob yarmarkalari hamda buyuk ajdodlarimizning boy tarixi aks etgan tarix oʻquv binosi boʻylab sayohat tashkil etildi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati