Samarqandda “Temurbeklar maktabi”ning hududiy komissiya aʼzolari ishtirokida yigʻin oʻtkazildi

0
7611

Markaziy harbiy okrugda Mudofaa, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, DXX Chegara qoʻshinlari, Milliy gvardiya va Xalq taʼlimi vazirligining Samarqand, Jizzax hamda Navoiy viloyatlaridagi “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseylariga oʻquvchilarni qabul qilish boʻyicha harbiy-kasbiy tanlov oʻtkazish uchun maxsus idoralararo komissiyasi aʼzolari ishtirokida yigʻin oʻtkazildi.

Unda dastlab komissiya aʼzolariga “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseylariga oʻquvchilarni qabul qilishda amalga oshiriladigan ishlar xususida batafsil maʼlumotlar berildi.

Shuningdek, “Temurbeklar maktabi”da oʻqish istagini bildirgan nomzodlarning tuman mudofaa ishlari boʻlimiga ariza topshirganlaridan soʻng ular bilan oʻtkaziladigan dastlabki va yakuniy tibbiy koʻrik, diktant yozish, psixologik test, jismoniy tayyorgarlik hamda yakka tartibda oʻtkaziladigan suhbatning talablari va nizomlari yetkazildi.

Yigʻin davomida ishtirokchilar “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseylariga oʻqishga kirayotgan yoshlarning aql zakovati, umumiy intellektual salohiyatiga va xotirasi, mantiqiy fikrlashi, ziyrakligi, tafakkur shakllarining rivojlanganlik darajasi, fikrlash tezligi va tahlil qilish qobiliyatlari, kirishimliligi, psixik turgʻunligi va samimiyligiga alohida eʼtibor qaratish masalalari haqida oʻzaro fikr almashishdi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati