“Namunali harbiy oila” ko‘rik-tanlovining yakuniy bosqich ishtirokchilari ma’lum bo‘ldi

5474

Mudofaa vazirligi miqiyosida an’anaviy tarzda o‘tkazilib kelinayotgan “Mustahkam oila jamiyat tayanchi” shiori ostidagi “Namunali harbiy oila” ko‘rik-tanlovining okrug va qo‘mondonlik bosqichlari o‘tkazildi.

Tanlovning yakuniy bahsiga yo‘llanmani qo‘lga kiritish imkonini beruvchi ikkinchi bosqich bellashuvlarida harbiy qismlar hamda garnizonlar miqyosida namunali harbiy oila deb topilgan eng kuchli harbiy oilalar ishtirok etib, “Mustahkam oila – jamiyat tayanchi”, “Ota – oila ustuni”, “Ona – mohir yaratuvchi”, “Farzandim – dilbandim” kabi yo‘nalishlarda o‘zaro bellashdilar. 

Harbiy xizmatchilar oilalarida o‘zligimizga xos milliy urf-odatlar, an’ana va qadriyatlar, zamonaviy turmush tarzini targ‘ib etish, shuningdek har tomonlama yetuk harbiy xizmatchi oilasini shakllantirish maqsadida tashkil qilingan ko‘rik-tanlov shartlari nufuzli hay’at a’zolari tomonidan shaffof tarzda baholanib borildi.

Quyida “Namunali harbiy oila” ko‘rik-tanlovining okrug va qo‘mondonlik miqyosida kechgan bahslarda munosib ishtirok etib,  yakuniy bosqichga yo‘llanmani qo‘lga kiritgan namunali harbiy oilalarning ko‘rik-tanlovdagi natijalari havola etiladi.

Toshkent harbiy okrugining harbiy qism va muassasalaridan saralangan namunali harbiy oilalar okrug bosqichida chinakamiga harakat qilib, g‘oliblik sari ishonch bilan sahnaga chiqdilar. Qiziqarli kechgan ko‘rik-tanlov bahslarida Angren garnizonidan tashrif buyurgan kichik serjant Jahongir Xasanov oilasi raqiblarini dog‘da qoldirib, musobaqaning mutlaq g‘olibiga aylandi.

Markaziy harbiy okrugi miqyosida o‘tkazilgan bahslarda bir-biridan kuchli harbiy oilalar o‘zaro bahs yuritishdi. Yakuniy natijalarga ko‘ra Samarqand garnizonidagi harbiy qism harbiy xizmatchisi, I-darajali serjant Olimjon Musayev oilasi eng yuqori ballarni qo‘lga kiritib, tanlovning mutlaq g‘olibi sifatida final bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi. 

Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugining harbiy qismlarida xizmat qilib kelayotgan harbiy xizmatchilar oila a’zolari ishtirokida o‘tkazilgan okrug bosqichi ham qiziqarli bahslarga boy bo‘ldi. Unda Termiz shahridan tashrif buyurib, muvaffaqiyatli ishtiroki bilan barcha shartlarda yuqori natijalar ko‘rsatgan serjant Sarvar Ergashov oilasi birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. 

Sharqiy harbiy okrugining Ma’naviyat va ma’rifat markazida garnizon va harbiy qismlardan saralanib kelgan harbiy xizmatchilar oilalari o‘rtasida kechgan bahslar ham o‘ziga xos tarzda bo‘lib o‘tdi. Murosasiz va qizg‘in tus olgan ko‘rik-tanlovda Farg‘ona garnizonidagi harbiy qismda xizmat qilib kelayotgan kichik serjant Doniyor Dadajonov oilasi mutlaq g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. 

Mudofaa vazirligi Toifalangan obyektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligi boshqaruv apparatida bo‘lib o‘tgan ko‘rik-tanlovning 2-bosqichi ham murosasiz bahslarga boy bo‘ldi. Unda qo‘mondonlikning Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Qashqadaryo, Navoiy, Buxoro va Farg‘ona viloyatlarida joylashgan harbiy qismlardan tashrif buyurgan 7 ta oila vakillari o‘zaro bellashdi. 

Hay’at a’zolari tomonidan bir ovozda g‘olib deb topilgan Buxoro viloyatida joylashgan harbiy qism ishtirokchisi kichik serjant Nodirjon Ergashev oilasi, shuningdek Toshkent shahrida joylashgan harbiy qism ishtirokchisi kichik serjant Rifat Jo‘rayev oilasi tomoshabinlarda o‘zgacha taassurot qoldirdi.

Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va Harbiy havo kuchlari qo‘mondonligi tasarrufidagi harbiy qismda “Namunali harbiy oila” ko‘rik-tanlovining ikkinchi bosqichi ham ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkazildi. Qizg‘in bahslar yakuniga ko‘ra birinchi o‘rinni kichik serjant Baxshullo Fayzullayev oilasi egalladi hamda respublika bosqichiga yo‘llanma oldi. Ko‘rik-tanlovda oila bekasi Shohistaxon Zufarova va farzandlari Mehrangiz va Farzona o‘z chiqishlari, bilimdon va donoliklari bilan tomoshabinlarning e’tirofiga sazovor bo‘lishdi. 

Xulosa o‘rnida ta’kidlash lozimki, ko‘rik-tanlovlar jarayonida har bir ishtirokchi oilaning bahslarga o‘ziga xos tarzda yondashganligi, astoydil va mehr ila tayyorgarlik ko‘rganligi bilinib turdi. Tanlov shartlarida nafaqat kattalar, balki ularning farzandlari ham o‘z iqtidor va iste’dodlarini namoyish etib, tomoshabinlar olqishiga, hay’at a’zolari e’tirofiga sazovor bo‘lganligi esa chinakam quvonarli holatdir.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti