“Nukus” umumqoʻshin poligonida boʻlinma komandirlari bilan oʻquv-uslubiy yigʻin oʻtkazildi

3048

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonligi tashabbusi bilan “Nukus” umumqoʻshin poligonida barcha toifadagi boʻlinma komandirlari hamda ularning oʻrinbosarlari ishtirokida jangovar tayyorgarlik boʻyicha oʻquv-uslubiy yigʻin mashgʻulotlari oʻtkazildi.

Yigʻin mashgʻulotlarining nazariy qismida ishtirokchilarning taktika, otish tayyorgarligi, harbiy topografiya, maxsus, saf, tibbiy va axloqiy-ruhiy tayyorgarliklar boʻyicha mashgʻulotlarni oʻtkazishda interfaol usullar hamda multimedia va koʻrgazmali vositalardan foydalanish boʻyicha bilimlari boyitildi.

Yigʻinning ikkinchi qismida esa Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi boʻyicha boshqarmasining bir guruh mutaxassislari ham 16 ta oʻquv joyida boʻlinmalarning jangovar tayyorgarlikdan amaliy mashgʻulotlarini kuzatib bordi.

Dastlabki mashgʻulotda guruhning notanish hududda razvedka-qidiruv harakatlarni olib borishning oʻziga xos xususiyatlari amaliy tarzda namoyish etilgan boʻlsa, keyingi oʻquv nuqtasida harbiy topogrof tomonidan Azimut boʻyicha harakatlanish va navigatsion uskunalarni ishlatishga doir qiziqarli maʼlumotlar yetkazildi.

Navbatdagi mashgʻulotda jangovar boʻlinmalar tomonidan zamonaviy qurolli toʻqnashuvlar teatrining ehtimoliy jangovar harakatlari namoyish etilib, unda boʻlinmalarning choʻl hududida jangovar va harbiy texnikalarda marsh yurishi, minalashtirilgan toʻsiqlardan oʻtishi va shartli dushman joylashgan hududga shiddatli hujum uyushtirish amalda koʻrsatib berildi.

Batalyon shaxsiy tarkibining mudofaada shartli dushman hujumini qaytarish boʻyicha amaliy mashgʻulotda kuzatuvchilarga boshqa boʻlinmalar bilan oʻzaro aloqa va hamkorlik masalalarini oʻrnatish, oʻt ochishni boshqarish, madad berish hamda boshqa bir qator jangovar taʼminot masalalari boʻyicha koʻrgazmali mashgʻulotlar oʻtkazildi.

Poligon hududida bunyod etilgan va maxsus harakatlarni olib borishga moʻljallangan yaqin jang shaharchasidagi koʻrgazmali oʻquv-jangovar harakatlar teatri barchada katta taassurot qoldirdi.

Bir necha kun davom etgan oʻquv-uslubiy yigʻinlar yakunida ishtirokchilar jangovar va maʼnaviy-maʼrifiy tayyorgarlik fanlaridan nazariy va amaliy sinovlarni topshirib, har qanday vaziyatda ham oʻquv-jangovar vazifalarni bajarish, boʻlinmalarni samarali boshqarishga qodir ekanliklarini namoyish etishdi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati