Markaziy harbiy okrugida keng qamrovli profilaktik tadbir oʻtkazildi

0
2995

Markaziy harbiy okrug qoʻmondonligi rahbarligida Samarqand harbiy prokuraturasi, Samarqand harbiy sudi hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlari bilan hamkorlikda harbiy intizom tahlili, huquqbuzarlik va jinoyatchilikni oldini olish hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha onlayn profilaktik tadbir oʻtkazildi.

Harbiy okrug tasarrufidagi harbiy qism va muassasalarning masʼul harbiy xizmatchilari ishtirok etgan tadbirda dastlab harbiy intizom tahliliga baho berilib, barcha harbiy xizmatchilarning qonun, harbiy nizomlar bilan belgilangan tartib va qoidalarga qatʼiy rioya etishi, Oʻzbekiston Respublikasini himoya qilishga boʻlgan burchi va shaxsiy masʼuliyati, oʻz xalqiga boʻlgan sadoqatini yanada oshirish lozimligi taʼkidlanib oʻtildi.

Shuningdek, harbiy xizmatchilar oʻrtasida xizmat joyini boshqa joyga koʻchirish boʻyicha tanish-bilish yoki turli yoʻllar bilan harakat qilishi mumkin boʻlgan holatlar yuzasiga toʻxtalib, korrupsiya fuqarolarning ijtimoiy adolatga, davlatning iqtisodiy oʻsishiga salbiy taʼsir koʻrsatishi, qolaversa, jamiyatdagi maʼnaviy muhitning buzilishiga olib kelishi xususida hayotda uchrayotgan salbiy oqibatlar misolida tushuntirishlar berib oʻtildi.

Tadbir davomida harbiy prokuratura va huquqni muhofaza qiluvchi organ ofitserlari tomonidan aynan qaysi jihatda, qanday huquqbuzarlik va jinoyatning qaysi yoʻnalishlarda sodir etilishi ehtimolligi koʻproq boʻlishi, oʻsha yoʻnalishlardagi qaysi sohalarda kamchiliklarga yoʻl qoʻyilishi chuqur tahlil etilib, bu kamchiliklarni oldini olish yuzasidan fikr mulohazalar yuritildi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati