Muddatli harbiy xizmatchilar uchun koʻrgazmali mashgʻulotlar oʻtkazilmoqda

0
4359

Joriy yil muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan askarlarni milliy armiyamizda qoʻllaniladigan qurol-aslahalar, jangovar va harbiy texnikalar, harbiy xizmatchilarga belgilangan taʼminot meʼyorlari bilan yaqindan tanishtirish maqsadida “Nukus” umumqoʻshin poligonida koʻrgazmali oʻquv mashgʻuloti tashkil etildi.

Tashkil etilgan 5 ta oʻquv joyi va 22 ta oʻquv nuqtasida tajribali ofitser va serjantlar mashgʻulotlar orqali askarlarga oʻqotar qurollar, jangovar, harbiy va maxsus texnikalarning vazifasi, aloqa, tibbiy yordam koʻrsatish texnika va vositalari, muhandislik qurol va anjomlarining qoʻllanilishi hamda ulardan foydalanilganda xavfsizlik qoidalariga amal qilish, harbiy xizmatchilarga belgilangan oziq-ovqat va kiyim-kechak taʼminoti meʼyorlari, dala sharoitida ovqat tayyorlash uchun belgilangan jihozlar haqida batafsil tegishli maʼlumotlarni yetkazishdi.

Shundan soʻng oʻqotar qurollar va jangovar texnikalar yordamida koʻrgazmali oʻq otish mashgʻulotlari namoyish etildi.

Birinchi oʻquv nuqtada motooʻqchi va maxsus boʻlinmalar uchun moʻljallangan oʻqotar qurollardan, ikkinchi oʻquv nuqtada granatomyot, zenit va artilleriya toʻplari, zirhli transportyordan nishonlarni aniq moʻljalga olib otilgan oʻq va snaryadlar endigina armiya saflarini toʻldirgan yoshlarda katta taassurotlar qoldirdi.

Koʻrgazmali mashgʻulotlardan soʻng muddatli harbiy xizmatchilar ham birinchi marotaba avtomatdan amalda mashq bajarishdi. 100 va 200 metr uzoqlikdagi nishonlar askarlarning amaliy mashgʻulotlardagi ilk koʻnikmalarini shakllantirish uchun dastlabki marra vazifasini oʻtadi.

Qurolni oʻq otishga hozirlash, uni notoʻliq qismlarga ajratish va yigʻish, oʻq-dorilarni oʻqdonga joylashtirish boʻyicha oʻquv nuqtalaridagi mashgʻulotlar endigina harbiy xizmatga kelgan askarlarning bilimga chanqoq, dastlabki harbiy koʻnikmalarni egallashga qiziqishi baland ekanligini namoyish etdi.

Ta’kidlash kerakki, muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan askarlar bilan bu kabi mashg‘ulotlar barcha harbiy okruglarda bo‘lib o‘tmoqda. Xususan Markaziy harbiy okrug qoʻshinlarida yigitlik burchini oʻtash uchun yangi kelgan muddatli harbiy xizmatchilarga “Kattaqoʻrgʻon” hamda “Forish” poligonlarida, qurol-aslaha va texniklarning koʻrgazmasi oʻtkazilib, ularning jangovar imkoniyatlari va taktik-texnik tavsiflari haqida atroflicha maʼlumotlar berib oʻtildi.

Chirchiq poligonida esa oʻz xizmat burchini Toshkent garnizonida oʻtayotgan muddatli harbiy xizmatchilar ilk bor oʻq otish tayyorgarligidan sinov mashqlarini topshirdi. Askarlar nazariy olgan bilimlarini amaliyotda bajarib, aʼlo va yaxshi natijalarini koʻrsatdi.

Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug tasarrufidagi Termiz va Xayrobod garnizonlaridagi harbiy qismlarda ham joriy mavsumda muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan yoshlarni milliy armiyamizda mavjud qurol-aslahalar, jangovar va harbiy texnikalar, harbiy xizmatchilarga belgilangan taʼminot meʼyorlari bilan yaqindan tanishtirish maqsadida koʻrgazmali oʻquv mashgʻulotlari boʻlib oʻtdi.