Yurt o‘g‘lonlari yana bir kitobxonlik bellashuvida sovrindor bo‘ldi

3282

Kitobxonlikni rivojlantirish va bu orqali harbiy xizmatchilarning intellektual salohiyatini oshirish borasida Sharqiy harbiy okrug qo‘shinlarida  ko‘plab tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Farg‘ona shahridagi Axborot kutubxona markazida II Respublika kitobxonlik haftaligi doirasida oliy ta’lim muassasalari talabalari, viloyatdagi tashkilot va idoralar xodimlari hamda harbiy qism harbiy xizmatchilari o‘rtasida zakovat intellektual bellashuvi tashkil etildi.

Mutolaaga qiziqish va kitobga bo‘lgan mehrni  oshirish maqsadida joylarda tashkil etilayotgan bu kabi intellektual ko‘rik-tanlovlar, shuningdek kitobxonlik kechalari va kitob yarmarkalarining o‘tkazilishi yoshlar, shu jumladan harbiy xizmatchilarning ham bilim salohiyati va ma’naviyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmasdan qolmaydi.

Tashkil etilgan mazkur zakovat intellektual bellashuvida ham Farg‘ona garnizoni harbiy xizmatchilardan iborat jamoalar faol ishtirok etib, shartlar bo‘yicha berilgan savollarga tezkorlik va aniqlik bilan javob berishdi.

Ko‘rik-tanlov yakunida harbiy xizmatchilardan tashkil topgan “Bilimdon” jamoasi Axborot kutubxona markazi rahbariyati tomonidan “Eng faol kitobxon” nominatsiyasi bilan taqdirlandi hamda har hafta o‘tkaziladigan zakovat bilimdonlar bellashuvida ishtirok etish yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.  

Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati