Faxriylar o‘rtasida yangi musobaqa

0
3008

Qurolli Kuchlar davlat muzeyida fahriylar sog‘ligini mustahkamlash, ularni muntazam ravishda sport bilan shug‘ullanishga jalb etish maqsadida o‘tkazilishi kutilayotgan yangi futbol musobaqasining qur’a tashlash marosimi bo‘lib  o‘tdi.

Unda harbiy xizmatchilar, “Veteran” Jangchi-faxriylari birlashmasi a’zolari, O‘zbekiston Futbol Assotsiatsiyasi, DXX Chegara qo‘shinlari fahriylari, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokraturasi hamda bir qancha mutassaddi tashkilotlar ishtirok etdi.

Dastlab yig‘ilishda faxriylar o‘rtasidagi futbol musobaqasi yuzasidan hamkor tashkilot vakillarining taklif va fikrlari tinglandi. Shuningdek, musobaqada ishtirok etilishi kutilayotgan jamoalar soni, ularning nomlanishi hamda o‘tkazilish tartibi bo‘yicha nizomlar belgilandi.

– Oliy ligamizga 7 may kuni start beriladi, – deydi musobaqa tashkilotchisi Nuriddin Boboyev. – Ushbu musobaqadan ko‘zlangan asosiy maqsad faxriylarimizni sportga jalb etgan holda yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdan iborat. 50-60 yoshni qarshilagan otaxonlarimizning maydonda javlon urib to‘p tepishini tomosha qilgan yoshlar vaqtini be’samar o‘tkazmay, sport bilan muntazam shug‘ullanishga turtki beradi deb o‘ylayman. 

 Taklif va tavsiyalardan so‘ng musobaqa oliy liga deb nomlandi hamda unda ishtirok etadigan jamoalar soni o‘nta deb belgilandi. Shundan  so‘ng yig‘ilishning kulminatsion nuqtasi ya’ni qur’a tashlash jarayoniga navbat berildi.

Sherzod EGAMBERDIYEV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti